Xorazm musiqa uslubi

Xorazm musiqa uslubi — Xorazm vohasida qaror topgan muayyan musiqiy an’analar majmui. Qadimdan madaniyat va san’at maskani bo’lgan ushbu hududda o’ziga xos xalq musiqa ijodiyoti (bolalar va marosim qo’shiqlari, xalfa laparlari va boshqalar), og’zaki an’anadagi kasbiy musiqa (Doston, talqinchi va go’yandalar san’ati, maqom va boshqalar) namunalari keng o’rin tutadi. Xorazm musiqa uslubi doirasida xalq musikasining eng qadimgi davrlariga mansub kuyohang namunalari o’z aksini topgan. Jumladan, bolalar («momom moshiydi», «Aravachi mani doyim», «tuyalar, ho tuyalar» va boshqalar) va mavsum marosim qo’shiqlari («Sust xotin», «Ashsha daroz» va boshqalar)da musiqaning ilk bosqichlariga oid dastlabki tuzilma va ohang alomatlari, boshlang’ich parda asoslari saqlanib qolgan. Xalfalar san’atida «ichkari»ga xos ixcham diapazondagi past ovoz ko’lamida aytiladigan, faqat ayollargagina xos bo’lgan qo’shiq va ashulalar urin olgan. Bunda qudalar tomonidan to’yga ruxsat berilgandan keyin aytiladigan «boring boshlang, o’nglar bo’lg’ay tuyinggiz», tuy boshlanishida «Muboraklar bo’lg’ay etgan tuyinggiz» yoki kelin kelgandan keyin «Aylanaman kelinni qaddi bo’yinnan» va boshqa qo’shiqlar tuyning uziga xos rivojini belgilagan. Ayniqsa, qayroq bilan o’ynab aytiladigan lapar turi xalfa raqqosalariga juda xosdir. Xorazmda xonandalik, sozandalik va raqqoslikni o’ziga kasb qilib olgan san’atkorlar guruxlari «sozanda qo’shlari» deyilgan. Ular ikki xil tarkibda, ya’ni 2 ta surnaychi, doirachi, tanburchiashulachi, sozchi (garmonchi) ashulachi, raqqos, masxaraboz, so’z ustasi (shuning o’zi mag’aldoqchiakrobat); dorbozchi, chodir xayol (qo’g’irchoqboz) va boshqalardan tashkil topgan. Sozanda qo’shlarining vazifasi to’yda baxshi dostonni tugat- gandan keyin yoki to’yni yanada qizdirish maqsadida o’z san’atlarini (Lazgi kabi kuy va raqslarni ijro etib) namoyish qilishdan iborat. El orasida tanilgan sozanda qo’shlarining boshliqlaridan Husayn Kalot, Sobir Kalot, Shomurod surnaychi, ushli kal (mashhur «Ushlini uforisi» yallasining muallifi), durdi karnaychi, Sobir dorboz, Xo’ja ko’r, Otoq Jonli, Kupal Hoji, Bayotvoy, Ollabergan Hoji, Xudoybergan vovoq va boshqalar mashhur. Xorazm musiqa uslubining baxshidostonchilar san’a-ti o’ziga xos bo’lib, alohida o’ringa ega. Dostonning nasriy qismi hikoya, nazmiy qismi esa qo’shiq shaklida ochiq ovozda cholg’u ansambl jo’rligida ijro etiladi. Xorazm baxshichiligi Shirvoniy va Eroniy uslublarga bo’linadi. Shirvoniy uslub Amudaryoning yuqori va o’rta oqimidagi hududda tarqalgan (markazi — Xiva). Bu uslub namoyandalari dutor, g’ijjak, bo’lamon va doyra jo’rligida kuylaydilar. Unda 72 ta Doston kuylari mavjud bo’lib, bular: muxammaslar turkumi (5 ta kuy), ilg’orlar (4), Eshvoylar (5), Naylarmanlar (5), nolishlar (7), Shirvoniylar (3), Zorinjilar (2), «Rahm ayla», «Boboxonim», «Gulandom» va boshqalar. Eroniy uslub Amudaryoning quyi oqimi hududida tarqalgan (markazi — Mang’it shahri). Ushbu uslub baxshilari dutor, g’ijjak, bo’lamon jo’rligida doston kuylashadi. Ularning qo’shida doira qatnashmaydi. Eroniy uslubda 32 ta doston kuylari bo’lib, ularning ko’pchiligi Shirvoniy nomalar bilan o’xshash, lekin Sarparda, ko’r qiz, Qo’shadas, Qo’shim Polvon ilg’ori va boshqalar bilan ajralib turadi. 18-asr oxiri va 19-asr boshlarida Xiva xonligida 40 dan ortiq baxshilar faoliyat ko’rsatgan va ulardan eng mashhurlari Eshvoy baxshi, Muhammadniyoz Go’rji, Rizo baxshi, ernazar baxshi, Suyov baxshi, Jumanazar baxshi, Axmad baxshi, bola baxshi Abdullayev va boshqalar. Xorazm musiqa uslubida talqinchi va go’yandalar ijodi aniq bir janr bilan chegaralanmagan bo’lsada, ularning o’z yo’llari va o’ziga xos uslublari mavjud. Ayniqsa, ular suvoralar va ularning savtlari hamda boshqa yirik shakldagi mumtoz ashulalarni Mashrab, So’fi Olloyor, Mahtumquli, Mulla nafas kabi shoirlarning tasavvuf yo’lidagi g’azallari, nasihat hamda o’gitlariga solib kuylaganlar. Shuningdek, musulmonchilikni targ’ib qiluvchi «Kiyiknoma», «Sayid Vaqqos», «kaptar», «Amir Hamza», «Me’rojnoma», «Sultonbobo hikoyati», «Payg’ambarlar hikoyati» kabi nomalarni ham ijod qilganlar. Talqinchi va go’yandalar «Diyralishma» deb nomlangan erkin tanlovlarda sinalgan, ulardan Polli Duzchi, Kalandar Banggi, Qurji ota va boshqalar mashhur. Hozirgi davrda Xorazmda 15 ta bolalar musiqa va san’at maktablari hamda musiqa kollejida Xorazm musiqa uslubi bo’yicha yoshlarga ta’lim berilmoqda. Ularning ko’pchiligida xalfa va baxshilar sinflari ochilgan. Viloyatdagi «Qaldirg’och», «Navbahor», «Oltin qo’llar», «orazibon», «muborak» va boshqa ansambllarda Xorazm musiqa uslubining yorqin ko’rinishlari namoyon bo’lmoqda. Botir Matyoqubov.