Xorazm xalq sovet respublikasi

Xorazm xalq sovet respublikasi (XXSR) (1920-1924) Xiva xonligi hududida xonlik tuzumi ag’darib tashlangach, yuzaga kelgan xalq Respublikasi. Maydoni 62.200 km2, aholisi 550 ming kishi (1920). Milliy tarkibi, asosan, o’zbeklar (65%), qisman turkmanlar (26,8%), qoraqalpoqlar (3,8%), qozoqlar (3,4%) va boshqalardan iborat. XXSR ma’muriy jihatdan 4 ta viloyat (Hazorasp, yangi Urganch, Toshhovuz, Xo’jayli) va 26 ta tumanga bo’lingan (1923). XXSR hududi Buxoro Xalq Sovet Respublikasi, Turkiston ASSR, Qozog’iston ASSR bilan chegaralangan. Poytaxti — Xiva shahri. Xivada xonlik tuzumi ag’darib tashlangan kun — 1920 yil 2 Fevralda yosh xivaliklar partiyasi a’zolaridan iborat, (5 kishi kirgan) muvaqqat inqilobiy qo’mita — revkom (raisi Mulla Jumaniyoz Sultonmurodov) tuzilgan. Bu qo’mita 2 oy davomida ham qonun chiqaruvchi, ham ijro qiluvchi hokimiyat vazifasini bajargan. 9 aprelda mazkur qo’mita ishini yaxshilash maqsadida uning tarkibida 10 kishidan iborat dastlabki xalq hukumati — Nozirlar Sho’rosi tashkil qilindi. Hukumat tarkibiga Jumaniyoz Sultonmurodov (muvaqqat inqilobiy hukumat raisi; xorijiya — tashqi ishlar noziri), odamoxun Ortiqov (hukumat raisi yordamchisi), Mulla Navro’z Ro’ziboyev (hukumat kotibi), Mulla O’roz Xo’jamuhamedov (hukumat kotibi yordamchisi), Matlapoboy Madrahimov (moliya noziri), Shayxutdin Hasanov (harbiy ishlar noziri), Polvonniyoz Hoji (Polyozhoji) Yusupov (oliy mufattish — davlat nazorati noziri), Eshchonqori Jabborqulov (xalq xo’jaligi noziri), Mulla Bekjon Rahmonov maorif noziri), Bobooxun Salimov (Adliya noziri) kirishdi. Asosan, yosh xivaliklardan iborat bo’lgan ho’kumat a’zolari Xorazmda ag’darib tashlangan xonlik hukumati o’rniga Demokratik respublika qurish uchun intildilar. 1920 yil 26 — 30 aprelda butun Xorazm xalq vakillarining 1 qurultoyida Xorazm Xalq Sovet Respublikasi — XXSR tuzilganligi tantanali ravishda e’lon qilingan. Qurultoyda 15 kishidan iborat XXSR hukumati — Xalq Nozirlar Sho’rosi (raisi P. Yusupov) tuzildi. XXSRning yosh hukumati BXSR, Turkiston ASSR, RSFSR davlatlaridan tashqari Finlyandiya, Shvetsiya, Germaniya, Turkiya, Afg’oniston, Eron kabi xorijiy davlatlar bilan ham mustaqil ravishda savdo-sotiq va iqtisodiy aloqalarni olib borishga harakat qildi. Masalan, 1921 yil 24 noyab.rda Afg’onistonga qozikalon Bobooxun Salimov boshchiligida maxsus elchilik hay’ati jo’natilgan. Xususan, Finlyandiya bilan savdo-sotiq aloqalari samarali bo’lgan. 1920 yil 13 sentabrda Moskvada RSFSR bilan XXSR o’rtasida 24 moddadan iborat Ittifoq shartnomasi va 15 moddadan iborat iqtisodiy bitim tuzilgan. Ittifoq shartnomasiga binoan, sovet Rossiyasi XXSR mustaqilligi va daxlsizligini rasmiy sur’atda tan olgan. Ittifoq shartnomasining 17-moddasi asosida alohida harbiy-siyosiy bitim ham tuzilgan. Unda Xorazm qizil armiyasi RSFSR homiyligi ostida tuzilishi ta’kidlangan. Biroq shartnoma va bitimlarda ko’rsatilgan asosiy moddalarni, xususan, XXSRning mustaqilligi va daxlsizligi huquqini sovet Rossiyasi tan olmay, doimiy ravishda yosh Respublikaning ichki ishlariga qo’pol ravishda aralashib turdi, Xorazmda katta miqdordagi qizil askarlarni saqlab, bu harbiy kuchlar orqali mamlakatni o’zi boshqarishga intildi. 1921 yil 6 martda Xorazmda qizil askarlar uyushtirgan harbiy davlat to’ntarishidan keyin P. Yusupov hukumati ham ag’darib tashlandi. Hukumatning sobiq raisi yashirinishga ulgurdi. Biroq oradan ko’p o’tmay u qamoqqa olindi. Bolsheviklar ko’plab nozirlarni otib tashlashdi. Tirik qolgan ayrim nozirlar Junaidxon safiga borib qo’shilgan. Yosh xivaliklar partiyasining faoliyati taqiklangan. Xorazm Kommunistik partiyasi tashkiliy jihatdan rasmiylashdi (1921 yil dekabr). XXSR davlat boshqaruvi jihatidan xalq demokratik Respublikasi hisoblangan. XXSR Konstitutsiyasiga muvofiq, davlat hokimiyatining oliy boshqaruv organi, butun Xorazm xalq vakillari qurultoyi, qurultoylar o’rtasida — XXSR Markaziy Ijroiya Qo’mitasi hisoblangan. Ijro qiluvchi oliy organ (hukumat) — Xorazm Xalq Nozirlar Sho’rosi sanalgan. Biroq asosiy hokimiyat XXSRda turgan sovet Rossiyasi va SSSRning turli favqulodda organlari qo’lida bo’lgan. Afsuski, Xorazmda hokimiyatning yangi organlari faoliyati bu gal ham uzoqqa cho’zilmadi. 1921 yil sentabr oyida bo’lgan XXSR MIK majlisida «o’z vazifasini bajara olmagan va ishni chalkashtirgan» degan soxta ayblar bilan M. Olloberganov o’z lavozimidan olib tashlandi va o’limga hukm qilindi. Umuman olganda, XXSR mavjud bo’lgan qariyb 5 yil davomida bolsheviklar tomonidan XXSR MIK raislari va hukumat boshliqlarining har biri 10 martadan o’zgartirildi. Xorazmda o’tkazilgan bunday davlat to’ntarishlari oqibatida o’zbek xalqining ko’plab asl farzandlari qatag’on qilindi. 1920-21 yillarda XXSRda agrar sohada dastlabki o’zgarishlar amalga oshirilib, 10 ming desyatina yer dehqonlarga bo’lib berildi. Bundan tashqari, ularga urug’, dehqonchilik asboblari hamda ssuda (qarz) ajratildi. Dehqonlarga kredit hisobidan 5 ming chorva mol sotildi. Eski sug’orish inshootlarini qayta tiklash bilan birga yangilari ham qurildi. Masalan, 1922 yil oxirigacha Xorazm dehqonlari Hazoraspdan Xo’jayligacha bo’lgan hududda 12 ta damba qurdilar. 1922 yilda chorakor va kambag’allarga yer bo’lib berish uchun davlat yer fondi tuzishga hamda dehqonlarga uzoq muddatli va qaytarib olinmaydigan ssudalar berish uchun davlat dehqonlar bankini ta’sis etishga qaror qilindi. Bankka 3 milliard so’m mablag’ ajratilgan. Xullas, 1921 -22 yillarda 400 ming tanobdan ortiqroq yer kambag’al dehqonlarga berildi. XXSRda iqtisodiy siyosat va xo’jalik sohasidagi islohotlar ziddiyatli tarzda kechdi. Xorazm Respublikasidagi soliq siyosatida sovet Rossiyasining ta’siri kuchliroq bo’lganligi uchun sinfiy yondashuv yaqqol namoyon bo’ldi. Soliqning og’ir yuki savdogarlar, sudxo’rlar va yirik yer egalari zimmasiga to’g’ri keldi. Qishloq xo’jaligida yagona soliq tizimi (1922 yil dekabr) joriy qilindi. Soliq to’lashni to’g’ri yo’lga qo’yish maqsadida davlat banki va soliq palatasi tashkil qilindi. 1923 yil iyunda hunarmandchilik va sanoat sohasidagi soliklar ham bir tizimga solinib, davlat sanoat solig’i joriy qilindi. Yangi iqtisodiy siyosat (NEP)ning e’lon qilinishi bilan XXSRda karvonsaroylar, korxonalar, ko’llar va to’qaylar ijaraga berila boshlandi. Telefon simlari tortilib, Daryo kemachiligi tiklashga kirishilgan. Bir qancha yirik ko’priklar qurildi. Paxta maydonlarining hududi 1921 yildagi 10 ming tanobdan 1924 yilda 85 ming tanobga, hosildorlik 100 ming pudsan 800 ming pudga ko’tariddi. Umumiy ekin maydonlari 1913 yildagi darajaning 62%ni, hosildorlik 70 -75% ni tashkil qildi. 1924 yilga kelib, 6 ta paxta tozalash zavodi, 10 ta g’isht zavodi, yog’-zavodi, bosmaxona, elektrstantsiya tiklandi, qog’oz va shisha zavodlari qurildi. Sanoatda davlat sektori ustuvor mavqeini egalladi. XXSR hukumati madaniy-ma’rifiy va sog’liqni saqlash ishlariga ham katta e’tibor qaratdi. 1920 yil bahorida Respublikada yangi tipdagi maktablar tashkil qilina boshlandi. 1921 yil sentabrda Xivada ochilgan xalq dorilfununi Respublika madaniy hayotida katta voqea bo’ldi. Xorazm Sovet Sosialistik Respublikasi (XSSR). 1923 yil 17 20 oktabrda bo’lgan butun Xorazm xalq vakillarining 4-qurultoyi XXSRni Xorazm sovet sotsialistik Respublikasi (XSSR) ga aylantirish to’g’risida qaror qabul qildi. 20 oktabrda XSSRning 5 bo’lim va 12 bobdan iborat yangi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Bu Konstitutsiya mamlakatning sosialistik qurilish yo’liga o’tishini qonun yo’li bilan mustahkamladi. Unga muvofiq, yerning xususiy mulk ekanligi bekor qilindi, vaqf yerlari butunlay tugatildi. Mavjud yerlar umumxalq mulki deb e’lon qilinib, barcha vaqf mulklari maorif nozirligi ixtiyoriga berildi. Qozixonalar faoliyati taqiqlanib, sovet sudlari tashkil qilindi. Shu tarzda 1923 yil oktabr oyidan boshlab Xorazm Respublikasidagi demokratik o’zgarishlarga chek qo’yildi. Xorazmni sovetlashtirish jarayoni o’zining yuqori bosqichiga ko’tarildi. Hukumatning keskin yangi siyosatidan norozi bo’lgan barcha kishilar bunday vaziyatda istiqlolchilar safini to’ldirdilar. Turkistonda sovet rejimiga qarshi qurolli harakat Xorazm vohasiga ham keng tarqalgan edi. XSSRning Markaziy va Janubiy qismlarida ko’plab Sardor va qo’rboshilarning harakatlari yanada avj oldi. 1923 yil dekabrda Pitnak, Hazorasp, Bog’ot, Xonqa tumanlarida yangi sovet hukumatiga qarshi dehqonlarning ommaviy qo’zg’olonlari boshlanib ketdi. Qo’zg’olonchilar joylardagi sovet tashkilotlarini tugatib, mamlakat poytaxti Xiva shahri ustiga yurish boshladilar. Qoraqumda turgan Junaidxon qo’shinlari ham G’arb tomondan, bir vaqtning o’zida shaharga qarab harakat boshladi. 1924 yil 10 yanvardan boshlab Junaidxonning 15 ming kishilik otliq va piyodalardan iborat qo’shini Xivani qamal qilishga kirishgan. 16 yanvarda XSSRda harbiy holat joriy qilindi. Qizil armiya qo’mondonligi zudlik bilan Xorazmga katta mikdordagi harbiy kuchlarni jo’natgach, 1924 yil Fevral oyining boshlarida xalq qo’zg’oloni bostirildi va bolsheviklar davlatning yangi jazolash (qatag’on) organlarini tashkil qilishdi. 1924 yil 20 Fevralda sovet prokuraturasi tuzildi. Shuningdek, Xorazmdagi viloyatlarda 5 ta sovet xalq sudlari ham tashkil qilindi. Bu davrda harbiy tribunal va Davlat siyosiy boshqarmasi (GPU) faoliyati yanada kuchaytirildi. Bu jazolash organlari kommunistik mafkurani tan olmagan har qanday kishilarni qatag’on qilishni avj oldirdi. O’rta Osiyo Iqtisodiy Kengashi (Sredaz ekoso)ning tazyiqi natijasida 1923 yil yozida Xorazmdagi milliy valyuta RSFSR rubliga (10 Xorazm so’miga 1 RSFSR rubli nisbatida) almashtirilgan edi. 1924 yildan boshlab Xorazm Respublikasi ham huddi BXSR singari SSSRning yagona bank va moliya tizimiga to’liq tortildi. XSSR armiyadan keyin davlat mustaqilligini muhim timsoli bo’lgan milliy valyutadan ham mahrum qilindi. Butun Xorazm xalq vakillarining 5-qurultoyi (1924 yil 29 oktabr — 2 noyabr) O’rta Osiyoda milliy-hududiy chegaralanish munosabati bilan XSSR tugatilishini e’lon qildi. XSSRning o’zbeklar yashaydigan 23 ta tumani yangidan tashkil qilingan O’zbekiston SSR tarkibiga Xorazm viloyati qilib kiritildi. XSSRning qolgan hududlari Turkmaniston SSR va Qoraqalpoq Muxtor viloyati (Qozog’iston ASSR tarkibida)ga qo’shildi. 1924 yil 23 noyabrda XSSR MIK va 30 noyabrda Xalq Nozirlar Sho’rosi o’z faoliyatini to’xtatdi. Ad.: Polvonniyoz Hoji Yusupov, Yosh xivaliklar tarixi (xotiralar), Urganch, 1999; Matkarimov M., Xorazm Respublikasi: davlat tuzilishi, nozirlari va iqgisodi, Urganch, 1993; Xiva ming gumbaz shahri, T., 1997; Xorazm tarixi, 2j., Urganch, 1997; O’zbekiston yangi tarixi, 2kitob [O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Rajabov K,.K., Mustaqilturqistonfikri uchun mujodalalar, T., 2000; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov nasionalnoy nezavisimosti, T.~ 2000; O’zbekiston davlatchiligi tarixi ocherklari, T., 2001. Qahramon Rajabov.