Xotin-qizlarning eng baland ovozi qanday ataladi?

Siz, albatta, rus dramaturgi Ostrovskiy qalamiga mansub qorqiz haqidagi ertakni o’qigansiz. Siz, ehtimol, Rimskiy-Korsakov bastalangan judayam latif operani ham tinglagandirsiz. Ayoz va ko’klamning noziknihol va yoqimtoy qizalog’i qorqiz partiyasini kompozitor koloturali soprano deb ataluvchi qo’ng’iroqdek ingichka va tiniq ovozning zimmasiga yuklaydi. Koloturali soprano — xotin-qizlarning eng baland ovozi. Koloturali deb atalishiga sabab —koloturalar deb ataladigan o’ta murakkab vokal jilolar uning izmiga bo’ysunishida mujassamlashgandir. Ertak qahramonlari — «Shoh Saltan haqida ertak»dagi Oqqush Malika, «Oltin xo’rozcha»dagi Shamoha hazrati oliyasi, biz bilgan Qorqiz partiyalari aksariyat hollarda ana shunday ovozga topshiriladi. Alyabevning mashhur «bulbul»ini kim tinglamagan deysiz! U koloturali soprano uchun maxsus bastalangan. Qo’shiqchi xotin-qizlar orasida lirik soprano — mayin, latif ovoz eng ko’p tarqalgan. Chaykovskiyning «Yevgeniy Onegin» operasidagi Tatyana, Prokofevning «Urush va tinchlik» operasidagi Natasha va Rubinshteynning «Demon» operasidagi Tamara partiyalari lirik soprano uchun bastalangan bo’lib, ularda ko’ngil iliqligi va muloyimlik, lirizm jihatlarining ustunligi saqlangan. Ko’pincha sopranoning boshqacha ko’rinishi — dramatik soprano ham uchraydi. Bastakorlar ushbu kuchli va yorqin ovozni tabiatan irodali va chigal taqdirli qahramonlariga ravo ko’radilar. Dargomishskiyning «Suvparisi» operasidagi Natasha va Chaykovskiyning «Pikovaya dama» operasidagi Liza ana shundaylardan. O’zida turli-tuman sifatlarni, masalan, lirik-dramatik yoki lirik koloturali soprano jihatlarini birlashtirgan ovozlar ham bor. Bunday ovozga sohib qo’shiqchilar turli-tuman partiyalarni ijro etishga layoqatli bo’lishadi. Shunday bo’lsa-da, o’zlari uchun asosan, vokal va qahramonning badiiy timsoliga ko’ra eng yaqin bo’lganini tanlaydilar. Soprano diapozoni — birinchi oktava «do»dan (eng past ovoz) to uchinchi oktava «do»ga qadar (eng baland ovoz). Eng mashhur-qo’shiqchi xotin-qizlar — italiyalik Amelita Galli-kurchi, yunonistonlik Mariya Kallas va rossiyalik Antonina Nejdanova, mustaqil O’zbekistonimizdan esa Muyassar Razzoqova ana shunday ovoz sohibalaridir.