Xuares (Juarez) Benito Pablo
Xuares (Juarez) Benito Pablo (1806.21.3, Sanpablogelatao, Oaxaka — 1872.18.7, Mexiko, Meksika) — davlat va siyosat arbobi, Meksika milliy qahramoni. Kambag’al indeys oilasida tug’ilgan. Diniy seminariyani (1827 yil) va yuridik maktabni (1833 yil) tugatgan. 1847-52 yillar Oaxaka shtataning gubernatori bo’lgan. 1846-48 yildagi Amerika-Meksika urushi davrida amerikalik interventlarga qarshilik ko’rsatishni tashkil etishda katta rol o’ynagan. A. Santaana diktaturasiga qarshi chiqqanligi uchun mamlakatdan badarg’a qilingan (1853). 1854 yil inqilobi boshlanishi bilan Meksikaga qaytib kelgan va liberallar armiyasiga kirgan. Xuares Alvares inqilobiy hukumatida Adliya va kultlar vaziri bo’lgan (1855). 1857 yil Konstitutsiyasi mualliflaridan biri. 1858-61 yilda hukumat boshlig’i. 1861— 72 yilda mamlakat prezidenti. Cherkovning iqtisodiy va siyosiy mavqeini cheklovchi qonunlar chiqargan. Angliya— Frantsiya—Ispaniya interventsiyasi (1861-67 yil, Meksika ekspeditsiyasi) vaqtida chet el interventlariga qarshi kurashga rahbarlik qilgan.