Xudbinlik
Xudbinlik — o’z manfaatini boshqa kishilar manfaatidan yuqori qo’yish. Salbiy axloqiy sifat deb baholanadi. Xudbinlik manfaatparastlik va shaxsiyatparastlikni o’z ichiga oladi. Xudbin odam o’z manfaati yo’lida hech kimni, hech bir jamoani, hech qanday jamiyatni tan olmaydi. Xudbinlik jumardlik (olijanoblik)ning aksi. Xudbinlikni shaxsning o’ziga bo’lgan muhabbati bilan chalkashtirmaslik lozim. Imom G’azoliy muhabbatning 5 turi haqida fikr yuritib, insonning o’ziga, o’zining a’zolariga, salomatligiga bo’lgan muhabbatini birinchi o’ringa qo’yadi. Uningcha, bu muhabbat Alloh, ota-ona, qarindosh-urug’, do’st-birodar, muhtoj ehtiyojmandlar xizmatida bo’lishga imkon yaratuvchi vosita hisoblanadi. Xudbinlik muhabbat hissiga emas, nafsga, hirsga asoslanadi, o’zini adolatsizlik, insofsizlik, berahmlik kabi illatlarda namoyon etadi. Jumardlik hammaning ham qo’lidan kelavermaydi, lekin insonning o’ziga bo’lgan muhabbati, boshqalarda ham o’ziga shunday muhabbat borligini inkor etmaslik kerak, bu qoida buzilgan joydan Xudbinlik boshlanadi. Xudbinlik avvalo o’zini o’zi sakdashning tabiiy instinkti sifatida paydo bo’lganligini e’tirof etish lozim.