Xurmo

Xurmo (Diospyros) — xurmodoshlar oilasiga mansub subtropik daraxt yoki butalar turkumi, ekiladigan meva daraxti. Tropik va subtropik mintaqalarda 500 ga yaqin turi uchraydi. Xitoy, Yaponiya, O’rta dengiz bo’yi mamlakatlari, Avstraliya, AQSh, Kavkaz, O’rta Osiyoda ekiladi. Mevasi uchun, asosan, Sharq Xurmo, sovuqqa chidamli Virginiya Xurmosi (D. virginiana), shuningdek, Kavkaz Xurmosi (D. lotus) o’stiriladi. O’zbekistonda ekiladigan Sharq Xurmosi (D. kaki Tpip.)ning vatani — Xitoy. Daraxti 8-12 metr, chiroyli, shoxshabbasi dumaloq yoki piramidasimon. 100 -400 yil, ba’zan undan ham ko’proq yashaydi, lekin 50— 60 yilgacha yaxshi meva beradi. Xurmo -15, -20° gacha sovuqqa chidaydi, yorug’sevar o’simlik. Bargi yirik tuxumsimon, usti to’q yashil, orqasi tukli, ketmaket joylashgan, to’kilish oldidan qizg’ish rangga kiradi. Guli bir, ba’zan ikki jinsli. Aprel — mayda gullaydi, oktabr —noyabrda pishadi. Mevasi turli shaklda (500 grammgacha). Xurmo tarkibida qand, S vitamini, protein, temir tuzlari, oqsil, oshlovchi moddalar va boshqalar bor. Mevasi 2 -3 oy saqlanadi, yangiligida hamda quritilgan holda iste’mol qilinadi, qandolatchilik sanoatida ishlatiladi, likyor, vino, jem tayyorlanadi. Xurmo, asosan, payvandlash yo’li bilan ko’paytiriladi. Ko’chati kuzda yoki bahorda 8×6 va 6×6 metr sxemada ekiladi. Qumli, shag’alli sho’r yerlarni yoqtirmaydi. 3—4-yili hosilga kiradi, 10-12 yoshida to’liq hosil bera boshlaydi. Bir tup daraxti 250 kilogrammgacha hosil beradi. O’suv davrida yer sharoitiga qarab 10 -12 marta sugoriladi; o’g’itlanadi, atrofi yumshatib turiladi. Xurmoning O’zbekistonda tarkalgan va Surxondaryo, shuningdek, Navoiy, Namangan, Samarqand viloyatlari uchun rayonlashtirilgan asosiy navlari — Vaxsh, Xiakume, Zendjimaru, Tojikiston, va boshqalar. Ad.: Kulkov O. P., Muxamedzya- Nov Sh. 3., O’zbekistonning subtropik o’simliklari,T., 1968; Jivotinskaya S., Vostochnaya xurma v Uzbekistane, T., 1989. Rixsivoy Jo’rayev.