Xuroson

Xuroson (forscha — kun chiqish, Sharq) — Eronning shimoliy Sharqiy qismidagi tarixiy viloyat. Parfiya podsholigining markazi (miloddan avvalgi 250 — milodiy 224). Xuroson nomi sosoniylar davridan ma’lum. Xuroson 3-asrdan 18-asr o’rtalarigacha hozirgi Eronning shim.Sharqiy qismi, Marv vohasi, hozirgi Turkmanistonning Janubiy qismi va Afg’onistonning shimol va shimoli g’arbini o’z ichiga olgan. Mashhad, Nishopur, Marv, Balx, Hirot, Tue, Saraxs, Obivard, Niso, Sabzavor Xurosonning muhim shaharlari bo’lgan. 7-asr o’rtalarida uni arablar egallagan. Arab xalifaligi tanazzulga uchragach, Xuroson Tohiriylar, Safforiylar, Somoniylar, G’aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar, Hulokuiylar, Kurtlar davlati tarkibiga kirgan (9 — 14-asrlar). 8-asrdan 13-asrning 20-yillarigacha Xuroson Yaqin va O’rta Sharqda iqgisodiy jihatdan eng rivojlangan o’lkalardan biri bo’lgan. U qo’shni davlatlarga qishloq xo’jaligi mahsulotlari, mevalar, ipak, jun, mo’yna chiqargan. Shuningdek, Xurosonda kumush, qo’rg’oshin, mis va temir rudalari, oltin, oltingugurt, to’tiyo, margimush, marmar, malaxit va boshqalar qazib chiqarilgan, to’qimachilik avj olgan. 1220 va 1223 yillarda Xurosonga mo’g’ullar hujum qilib, vayron etgan; aholisining ko’pchiligi qirib tashlangan. Shundan keyin Xuroson avvalgi mavqeiga chiqa olmagan. 14-asr oxirida Amir Temur Xurosonni o’z davlatiga qo’shib olgan, keyinchalik Shayboniylar, 1510 -1736 yillar Safaviylar davlatlariga tobe bo’lgan. Keyinchalik Xurosonning bir qismi (Hirot viloyati va Balx) Afgonistonga, bir qismi Eronga qo’shilgan.