Xususiy sektor
Xususiy sektor — iqtisodiyotning xususiy mulkchilik va xo’jalik yuritishning erkin bozor usullariga, iktisodiy alohidalashuviga asoslangan sohasi. Bozor iqtisodiyoti davlat va nodavlat sektorlaridan iborat. O’z navbatida, nodavlat sektori Xususiy va jamoa sektorlariga bo’linadi. Xususiy sektor nodavlat sektorining bosh bo’g’ini. Xususiy sektordagi moddiy va moliyaviy resurslar, yaratilgan mahsulot va xizmatlar xususiy mulk hisoblanadi. Bu sektor xususiy korxonalar, firmalar, moliya kompaniyalari, xo’jaliklar, banklar, jamg’armalardan iborat va iqtisodiyotning hamma tarmoqlarida amal qiladi. Xususiy sektor tarixan an’anaviy tizim davrida ibtidoiy jamoaviy xo’jaliklar vayronalarida yuzaga kelgan. Mehnat unumdorligi o’sib, jamoadan ajralgan holda yakka tarzda mehnat kilib tirikchilik o’tkazish imkoni paydo bo’lishi bilan xususiy xo’jaliklar yuzaga keladi. Ular ko’payib ketgach, Xususiy sektor paydo bo’ladi. Chunki Xususiy sektor ayrim xo’jalik emas, balki xo’jaliklar majmui xisoblanadi. Xususiy sektor bir necha ming yillar davomida saqlanib qolgan jamoaviy sektor bilan yonmayon rivojlandi. Biroq davlat paydo bulishi bilan davlat sektori yuzaga keldi. Shu davrdan e’tiboran iktisodiyotning sektorlarga aniq ajralishi yuz berdi. An’anaviy tizim bosqichida Xususiy sektor natural-iste’molchi iqtisodiyotga xizmat qilgan, u o’zini o’zi ta’minlashi uchun mahsulotlar yaratgan, unda barter aloqalari bo’lgan, onda-sonda tovarpul aloqalari uchrab turgan. Bozor iqtisodiyotiga o’tilishi munosabati bilan Xususiy sektor tovar ishlab chiqaruvchi korxona va xo’jaliklar majmuasiga aylandi. Bu sektor bozor qonunqoidalariga binoan rivojlanadi, pul munosabatlari iqtisodiy aloqalarning asosini tashkil etadi, iqtisodiy faoliyat foyda topishga qaratiladi, u erkin yollanma mehnatni qo’llashga asoslanadi, mehnatdan iqtisodiy manfaatdorlik paydo bo’lib, iqtisodiy stimullar kuchga kiradi. Natijada Xususiy sektor jadal o’sadi. 19-asr o’rtalaridan industrial mamlakatlarda Xususiy sektor bozor tizimining bosh bo’g’ini sifatida rivojlanib keldi. 21-asr boshlariga kelib Xususiy sektor tartibli rivojlana boshladi. Bu yerdagi iqtisodiy faoliyat o’zining ijtimoiyligi, ya’ni jamiyat farovonlikni ta’minlashga qaratilishi bilan ajralib turadi, uning tartiblanib turishida bozor kuchlari bilan birgalikda davlat xam qatnashadi. 20-asr oxiri — 21-asr boshlariga kelib sobiq sotsialistik mamlakatlarning rejali tizimdan bozor iqtisodiyotiga o’tishi bilan jahondagi 25 mamlakatda (bular jumlasiga O’zbekiston ham kiradi) ko’p sektorli iktisodiyot paydo bo’ldi, uning tarkibida ilgari davlat sektorini tashkil etgan korxonalarni xususiy korxonalarga aylantirish; korxonalarni aktsiyadorlik jamiyatlariga aylantirish, yangi xususiy korxonalar ochish; tomorqa xo’jaligini xususiy dehqon xo’jaligiga aylantirish; sobiq jamoa xo’jaliklari (kolxoz)lar asosida fermer xo’jaliklarini tashkil etish va boshqa yo’llar bilan davlatning faol ishtirokida, uning rahbarligida o’tkazilgan bozor islohotlari jarayonida Xususiy sektor ko’lami kengaydi. Xususiy sektorning iqtisodiyotdagi o’rni 3 ko’rsatkich bilan baholanadi: 1) asosiy kapitaldagi hissa; 2) ishlovchilar sonidagi hissa; 3) yalpi ichki mahsulot (YAIM)dagi hissa. Bular orasida Xususiy sektorning YaIMdagi hissasi asosiy, unga qarab Xususiy sektorning iqtisodiyotdagi mavqei aniqlanadi. O’zbekistonda Xususiy sektor xususiy korxonalar, asosan, kichik va o’rta biznes korxonalar idan, yakka tadbirkorlardan, fermer va dehqon xo’jaliklari va xususiy banklardan iborat. 2003 yilda O’zbekistonda 92,4 ming xususiy korxona, 87,6 ming fermer xo’jaligi va 97,2 ming yakka tartibda tadbirkorlik kiluvchilar faoliyat ko’rsatdi. O’zbekiston iqtisodiyotida Xususiy sektorning YaIMdagi hissasi 2003 yilda 74,5% ni tashkil etdi, 2148,1 ming gektar yerga ega bo’lgan fermer xo’jaliklarida 603 ming kishi band bo’ldi. O’zbekiston milliy iqtisodiyotining turli sohalarida Xususiy sektor har xil mavqega ega. Uning rivojlanish darajasi bo’yicha savdosotiq va yo’lovchi transporti, qurilish va qishloq xo’jaligi oldingi o’rinlarda bo’lsa, sanoat, yuk transporti, havo transporti, aloqa va bank sohasi keyingi o’rinlarda turadi. Ahmadjon O’lmasov, Farrux Vahobov.