YADA TOSHI

YADA TOSHI, yada, jada, sangi jadi, Xajar ulmutur (forscha jodudan olingan) — rivoyatlarga ko’ra, qadimda turkiy xalqlarda maxsus tosh yordamida tegishli afsun-duo o’qish yo’li bilan qor, yomg’ir, shamol, bo’ron chaqirish yoki ularni to’xtatish udumi. L.N. Gumilyovning yozishicha, Yada toshi 20-asrgacha amaliyotda bo’lib kelgan. Sigir, ot yoki to’ng’iz oshqozonidan chiqqan tosh ustida O’qilgan duo yordamida yomg’ir chaqirilgan. Yada toshi haqidagi dastlabki ma’lumotlar Xitoy manbalarida (tan shu) qayd etilgan. Turkiy xalqlarga oid o’rta asr tarixiy manbalarida dushmanga qarshi kurashda Yada toshi dan unumli foydalanilganligi haqida ko’plab ma’lumotlar uchraydi. S.E.Malovning fikricha, Yada toshi bilan bog’liq marosimlar yaqin vaqtlargacha nafaqat oltoyliklar, tuvalar, balki boshqa turkiy xalqlar tomonidan ham o’tkazilib kelingan.