YADRO ENERGETIKASI
YADRO ENERGETIKASI — energetikaning atom energiyasi (yadro energiyasi) dan elektr va issiqlik energiyasi olish maqsadida foydalanish bo’limi hamda fan va texnikaning yadro Energiyasini elektr va issiklik energiyasiga aylantirish usullari va vositalarini nazariy jihatdan ishlab chiqish hamda ularni amalda tatbiq qilish masalalari bilan shug’ullanuvchi sohasi. Yadro energetikasining texnik asosini atom elektr stantsiyasi (AES) tashkil qiladi. Energiya manbai esa atom reaktori (yadro reaktori) hisoblanadi. Parchalanish yadro reaktsiyalarida uran va plutoniy yadrolarining bo’linishi natijasida issiqlik energiyasi ajraladi, keyin bu energiya xuddi oddiy issiqlik elektr stansiyalaridagidek elektr Energiyasiga aylantiriladi. Organik yoqilg’i (ko’mir, gaz, neft, torf) zahiralari kamayib qolgan taqdirda insoniyatni energiya bilan ta’minlashda yadro yoqilg’isidan foydalanish hozircha eng ishonchli yo’l hisoblanadi. Shuning uchun ko’pchilik rivojlangan mamlakatlarda (AQSh, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Kanada, Yaponiya, Germaniya, Shvetsiya, Rossiya, Hindiston, Pokiston va boshqalar)da issikdik va gidroenergetika manbalaridan boshqa energiya manbalaridan, shu jumladan, birinchi navbatda, yadro energiyasidan foydalanishning yuqori samarali usullarini o’zlashtirishga doir ishlar jadal ravishda olib borilmoqda. O’zbekistonda Yadro energetikasiga doir ilmiy tekshirish ishlari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi yadro fizikasi institutish olib boriladi. Yadro energetikasiga doir eng tashvishli muammo — bu AES larni ishlatish jarayonida xavfsizlikni ta’minlash hamda ajraladigan suyuq va qattiq radioaktiv chiqindilarni zararsizlantirish muammosi. AES larda bunday chiqindilardan tashqari radioaktiv izotoplarning uchuvchi birikmalari ajraladi, radioaktiv aerozollar ham hosil bo’lishi mumkin. Radioaktiv gazlar va aerozollarning ma’lum qismi yaxshilab maxsus ishlov berilganidan so’ng atmosferaga chiqarib yuboriladi, suyuq va qattiq radioaktiv chiqindilar esa maxsus omborlar («qabristonlar») ga to’planadi. Biroq, Yadro energetikasini taraqqiy ettirishning eng asosiy muammosi ko’p miqdordagi zararli chiqindilarni ko’mib tashlashning tejamli va ishonchli usullarini ishlab chiqishdan iborat. Bu borada ko’pchilik rivojlangan mamlakatlarda 20-asrning 70-yillaridan beri ilmiy tekshirish va tajribasanoat ishlari olib borildi hamda ba’zi usullari ishlab chiqildi va amadda joriy qilindi (masalan, chiqindilarni yerga chuqur ko’mib, qalin beton to’siq — sarkofag bilan o’rash, konteynerlarda okean tubiga tashlash va boshqalar). Lekin hozircha eng ishonchli, xavfsiz va tejamli usullari ishlab chiqilganicha yo’q.
zur