YAKTAK
YAKTAK — yozgi, yengil kiyim; erkaklar ko’ylagi. Oldi ochiq, uzun, yengli hamda tik yoqali. Yaktak to’g’ri bichimli, kalta (uzunligi asosan tizzagacha) va yalang qavat bo’lishi bilan yao’idan farq qiladi; asosan oq (bo’z) surp, shuningdek yo’l-yo’l matolardan tikiladi. Yaktak orqaoldi yelkadan oshirib tashlangan yaxlit matodan tashkil topgan, uning ikki yoniga yonlar, yenglar tana qismiga to’g’ri ulanib, yeng va yonlar orasiga qulpak solingan. Uzun, yensiz bir necha qavat tasmasimon bo’lakdan iborat bo’lgan hamda uzunasiga bir necha qator choklar solib qotirilgan yoqa yoqa o’yig’iga ulangan. Orqa tomoni tik, oldi ko’krakkacha tekis tushib turadi. Yaktak bag’rini birlashtirish uchun yoqaning pastki qismiga bog’ichlar tikiladi yoki izma qilib tugma qadaladi. Hozirda Toshkent, Farg’ona vodiysi va boshqalarda to’g’ri bichimli Yaktak bilan birga yangi Bichiqda tikiladiganlari ham keng tarqalgan. 12-13-asrlardan yozma manbalarda Yaktak haqida ma’lumotlar bor, 5-6-asrlarga oid devoriy rasmlar hamda miniatyuralarda Yaktak tasviri uchraydi.