YALPI ICHKI MAHSULOT
YALPI ICHKI MAHSULOT (YAIM) — mamlakat iqtisodiy faoliyatining muayyan davr (oy, chorak, yil) davomidagi umumiy natijalarini tavsiflaydigan ko’rsatkich. Mamlakat hududida joylashgan barcha korxonalar (chet el va qo’shma korxonalari ham shu hisobga kiradi) tomonidan jami ishlab chiqarish omillari bilan ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlarning bozor qiymatlaridagi ifodasi bo’lib, uning miqdori milliy hisoblar tizimi asosida hisoblab chiqiladi. Mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishini makrodarajada tavsiflash va tahlil etishda foydalaniladi. O’zbekistonda 2003 yilda amaldagi narxlarda 9964,1 milliard so’mlik YAIM ishlab chiqarildi. Bu 2002 yilga nisbatan 4,4 % ga ko’p demakdir. Yaratilgan YaIMning tarmoq tuzilmasi quyidagicha: uning 48,5% tovarlar ishlab chiqarish (uning 15% sanoatda, 28,8% qishloq xo’jaligida, 4,5% qurilishda) va 38,1% xizmatlar ko’rsatish (uning 8,5% traneport va aloqada, 9,4% savdo va umumiy ovqatlanishda, 20,2% bozor va nobozor xizmatlarda) ga, 13,4% mahsulot va eksportimport operasiyalari sof soliqlariga to’g’ri keldi. Milliy statistikada asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkich sifatida YAIM yoki yalpi milliy mahsulot (YaMM), hatto yalpi milliy daromad (YAMD) ham qabul qilinishi mumkin. Masalan, AQSh va Yaponiyada YAIM emas, balki YaMM asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkich hisoblanadi. Ammo BMT ning milliy hisoblar tizimida YAIM birlamchi iqtisodiy ko’rsatkich bo’lib xizmat qiladi. Miqdor jihatdan bu ko’rsatkichlar o’rtasidagi tafovut unchalik katta emas: rivojlangan mamlakatlarda bu tafovut bir foizdan oshmaydi. Chet ellarda ishlovchi fuqarolardan tushadigan daromadlar salmoqli bo’lgan mamlakatlarda bu tafovut kattaroq bo’lishi mumkin. Nurislom To’xliyev.