«YANGI GLOBAL TEKTONIKA»

«YANGI GLOBAL TEKTONIKA», litosfera plitalari tektonikasi — yer litosferasini harakatdagi blokplitalar sistemasidan iborat deb qarovchi eng yangi geologik gipoteza. «Yangi global tektonika»ning asosiy printsiplari shotland geologi A.Xolms tomonidan belgilanib, unda O.Ampfererning yer po’sti ostidagi oqim gipotezasi, J.Jolining radiogen gipotezasi va A.Vegenerning materiklarning suzib yurishi to’g’risidagi gipotezalarini birlashtirdi. «Yangi global tektonika»ga muvofiq, litosfera kam yopishqoqlikka ega bo’lgan astenosfera ustida bir qancha plitalarga bo’lingan. Plitalarning chegarasi eng yuqori tektonik, seysmik va vulkanli faol zonalardir. Ushbu chegaralar bo’ylab plitalarning bir-biriga nisbatan qarama-qarshi tomonga siljishi, biri ikkinchisining ustiga yoki ostiga siljishi yoki gorizontal siljishi sodir bo’ladi. Okean o’rtaliq tizmalarining Rift zonalarida plitalar bir-biridan ajraladi va oraliq joy astenosferadan ko’tarilib chiqqan bazaltli magma bilan to’ladi. Chuqur suv osti novlarida bir plita ikkinchi plitaning ostiga surilib kirib, mantiya tomonidan yutib yuboriladi. Yirik plitalar qatoriga tinch okean, Yevrosiyo, shimoliy Amerika, Janubiy Amerika, Afrika, Hindiston, Avstraliya, Antarktida plitalari kiradi. Astenosfera bo’ylab harakatdagi litosfera plitalari o’zining qattiqligi va yaxlitliligiga ega. Astenosferadagi konvektsion oqimlar plitalarni o’rtaliq tizmalardan chetga tomon surib olib ketadi, orollar yoyi va materiklar chekkalari bo’ylab esa okean osti yer po’sti plitalari, materiklar yer po’sti ostiga kirib boradi. Yangi dalillarga tayangan «Yangi global tektonika» kontsepsiyasi keng ommalashdi. Ayni vaqtda konvektsiya mexanizmi, ocean osti yer po’stining kontinentlar ostiga kirib borishi masalasida jiddiy e’tirozlar ham mavjud. Plitalar o’zaro to’qnashgan joylarda burmali inshootlar paydo bo’ladi.