YANGI USUL MAKTABLARI
YANGI USUL MAKTABLARI — musulmon maktablarining ta’lim usuli va dasturlarini isloh qilib, bolalarga ona tilida xat-savod o’rgatgan va yangilik g’oyalarini ilgari surgan o’quv yurtlari. Dastlab Qrimning Boqchasaroy shahrida 1884 yil ma’rifatparvar Ismoilbek Gasprinskiy tomonidan tashkil etilgan va u «usuli savtiya tadrijiya» («rivojlanuvchi tovush usuli») maktabi bo’lgan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Turkistonda tijorat va sanoatning rivojlanishi bu sohalarni boshqara oladigan shaxslarni etishtirish ehtiyojini tug’dirdi. Ko’p asrlik maktabxonalar yoshlarga zarur dunyoviy bilim va ko’nikma bermas edi. Shuning uchun yangi usulda ta’lim beradigan maktablar ochila boshladi. 1893 yil Buxoro amiri Abdulahadxon ruxsati va Mo’minxo’ja Vobkendiy va g’ijduvonlik Domla Fozil sa’yharakati bilan dastlabki yangi usul maktabi ochildi. O’zbekiston hududida keyingi Yangi usul maktablari 1898 yil Qo’qonda Salohiddin domla va Samarqanddagi paxta zavodi huzurida tatar muallimlari tomonidan ochilgan (o’zbeklar bu davrda bunday maktablarni «no’g’oy maktab» deb atagan). 1900 yildan boshlab Toshkentda jadidchilik harakatining yirik namoyandasi Munavvarqori Abdurashidxonov, Samarqandda Abduqodir Shukuriy (Shakuriy) tashkil qilgan Yangi usul maktablari ish boshlagan. Bunday maktablar Andijon va Namanganda, Xiva xonligida ham ochilgan. 1908 yil Buxoroda A. Burhonov tomonidan tashkil etilgan boshqa yangi usul maktabi ko’p o’tmay yopib qo’yilgan. Yangi usul maktablarida maktabxonadagi yakka o’qitish usulidan sinfda dars berish usuliga o’tildi, sinflarda geografiya xaritalari, globus va boshqalar ko’rgazmali qo’llanmalar paydo bo’ldi. Yangi usul maktablarida xatsavod bolalarning ona tilida tovush usuli — usuli savtiyada o’rgatilgan. Maktablar asosan 1— 4sinfdan iborat boshlang’ich maktablar bo’lgan. 1913/14 o’quv yilidan ayrim joylarda 2 bosqichli tizim joriy qilina boshlandi. Bu tizimdagi maktablar namuna maktablari deb atalib, ularning 1-bosqichi tahziriy (boshlang’ich) sinflar, 2-bosqichi Rushdiy (yuqori) sinflar deyilgan. Xususan, M.Abdurashidxonovning namuna maktabi, A. Shukuriyning Samarqanddagi va A. Ibodiyevning Qo’qondagi maktabida Rushdiy (yuqori) sinflar (5— 6-sinf) ham ish boshlagan. Yangi usul maktablari uchun maxsus binolar qurilmatan. Ular xususiy bo’lib, ko’p hollarda maktab uchun muallimning o’z uyidan yoki biron bo’sh turar joy binolaridan hamda ba’zi shaxslarning tashqi hovlilaridan foydalanilgan. Chor hukumati amaldorlari bunday maktablar milliy madaniyatning o’sishiga yordam berishidan cho’chib, podsho hokimiyati uchun xatarli deb hisobladilar. Shuning uchun ularning faoliyatini bo’g’ib qo’yadigan turli tadbirlar qo’rildi. Xususan, 1911 yilda mahalliy millat maktablarida (rustuzem maktablaridan tashqari) o’quvchilar qaysi millatdan bo’lsa, muallimlar ham shu millatdan bo’lishlari lozim degan qaror qabul qilindi. Shu qaror asosida tatar muallimlari ishdan bo’shatilib, bir necha o’nlab Yangi usul maktablari yopib qo’yildi. Yangi usul maktablarining biron joyda rasmiy tasdiqlangan yagona o’quv rejasi, dasturi bo’lmagan. Darslar muayyan maktab rahbari va muallimlari tomonidan tuzilgan o’quv rejasi va darsliklar asosida olib borilgan. Masalan, A. Shukuriy o’z maktabining 1 va 2 bosqich sinflari uchun o’quv dasturi va rejasini Behbudiy bilan birgalikda tuzgan. Yangi usul maktablarida dunyoviy fanlar bilan bir qatorda diniy darslar ham o’qitilgan. Alifbe kitobi bilan «Alifboyi Qur’oniy» ham o’rgatila boshlangan. Dunyoviy fanlardan fizika, kimyo, geometriya, arifmetika, geografiya, ayrim maktablarda 4-sinfdan rus tili ham o’qitilgan. Rus tilidan imtihonlar Toshkentdagi 2 bosqichli rustuzem maktabida o’tkazilgan va o’quvchilar bilimi 5 balli tizim asosida baholangan. Yangi usul maktablarida yuqori sinflar uchun fizika, kimyo, geometriya kabi o’quv fanlaridan o’zbek tilida darslik, o’quv qo’llanmalari bo’lmagan. Muallimlar bu fanlar bo’yicha tatar, turk tillarida nashr qilingan qo’llanmalardan foydalanishga majbur bo’lganlar. Ayrim muallimlar o’zlari darsliklar yozib, shu asosda ta’lim berganlar. Saidrasul Saidazizov «Ustodi avval» (1902), Behbudiy «Risolai asbobi savod» (1904), «Risolai jug’rofiya umroniy» (1905), Munavvarqori «adibi avval», «adibi soniy» (1907), Abdulvohid Burhonov «rahbari xat» (1908), Avloniy «Birinchi muallim» (1910), «ikkinchi muallim» (1912), Rustambek Yusufbek o’g’li «ta’limi avval», A.Ibodiev «Tahsilul alifbo» darsliklarini yozib nashr etishdi. Yangi usul maktablariga hukumat hech qanday yordam bermagan. Maktablar bolalarning ota- onalaridan har oyda olinadigan mablag’ hisobiga ishlagan, muallimlarga ham shu hisobdan maosh to’langan. Yangi usul maktablarida may oyi oxirlarida ota-onalar va mehmonlar ishtirokida imtihonlar o’tkazilgan. Imtihonda bolalar Qur’on suralarini yod aytishni, o’zbek tilidan o’qish va yozishni, hisobdan 4 amalni o’rganganliklarini namoyish qilganlar. Yangi usul maktablari zamonaviy o’zbek milliy maktablarining ilk bosqichi bo’lgan. Bu maktablar tajribasi asosida faqat Alifbe va o’qish kitoblarigina emas, o’zbek tilining qonunqoidalari yoritilgan «Turkcha qoida» va «imlo» kabi dastlabki o’quv qo’llanmalari yaratilgan. 1918 yilgacha O’zbekiston hududida 104 Yangi usul maktablari bo’lib, ularda 10343 bola o’qigan. Yangi usul maktablari 1918/19 o’quv yilidan davlat maktablariga aylantirilib, xalq maktablari nomini olgan. Ad.: Ayniy S, Buxoro inqilobi tarixi uchun materiallar, M., 1926; Xo’jaev F., Buxoro inqilobining tarixiga materiallar, T., 1997; Abdullaev yil, eski maktabda xatsavodga o’rgatish, T., 1962; O’zbekistonning yangi tarixi, 1-kitob [Turkiston chor Rossiyasi mustamlakachi- ligi davrida], T., 2000; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov natsionalnoy nezavisimosti, T., 2000. Yo’ldosh Abdullayev.