YANGIRABOT

YANGIRABOT — Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi shaharcha (1972 yildan), tuman markazi. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Zirabuloq (14 kilometr). Yangirabotdan Navoiy shahrigacha 70 kilometr. Aholisi 15,5 ming kishi (2004). Paxta tozalash zavodi, non kombinati, MTP, qurilish korxonalari va boshqalar bor. Kichik, o’rta biznes korxonalar, mikrofirmalar ishlab turibdi. Umumiy ta’lim maktablari, litsey, bolalar musiqa va san’at maktabi, kasb-hunar kollejlari, tuman Markaziy kutubxonasi, muzey, klub muassasalari, madaniyat saroyi, Mustaqillik, xotira maydonlari, madaniyat va istirohat bog’i bor. Markaziy stadion, sport maydonchalari va sport zallari va boshqalar bir qancha sport inshootlari faoliyat ko’rsatadi. Tuman Markaziy kasalxonasi, tug’ruqxona, poliklinika, dorixonalar va boshqalar tibbiy muassasalar aholiga xizmat ko’rsatadi. Yangirabot bilan Navoiy shahri o’rtasida avtobuslar qatnovi yo’lga qo’yilgan.