YAQINIY

YAQINIY (15-asrning 1-yarmi) — shoir. Navoiyning «Majolis unnafois» asarida qisqa ma’lumot berilgan. Yaqiniyning bizgacha faqat «o’q va yoy» munozarasigina saqlanib qolgan. Bu asar Yusuf Amiriy, Ahmadiy an’analarining davomi sifatida maydonga kelgan. Yaqiniy Otish musobaqasi maydoniga kirgan otliq Yigitning qo’lidagi o’q va yelkasidagi yoyni ko’rib, majoz yo’li bilan o’q va yoy orasida munozara tarzidagi asar yozishga jazm qilgan. O’qni yigit va ayni zamonda to’g’rilik, rostgo’ylik timsoli, yoyni esa qari chol hamda egrilik, xushomadgo’ylik timsoli sifatida ko’rsatgan, egrilikni to’g’rilik tilidan fosh etgan. O’q to’g’ri so’zligi uchun barloslar timsoli bo’lgan Girish (yoyning o’qni tortuvchi ipi) va tarxoniylar timsoli bo’lgan zihgir (yoyning ikki cheti)lar tomonidan aldanib, uzoqqa otiladi va yoy atrofini qurshagan salbiy kuchlar qurboni bo’ladi. Shoir: «har kim yoydek egri bo’lsa, bu davr kaj ta’blarining yonlaridan yiroq bo’lmas va har kim o’qtek rost bo’lub, tuz yursa, Yaqiniydek yiroq tushar…»deya xulosa qilib, o’z davridagi yuqori tabaqa vakillarini va ularning ikkiyuzlamachi malaylarini tanqid qiladi. Asarning yagona qo’lyozma nusxasi Britaniya muzeyida saqlanadi. Ad.: O’zbek adabiyoti tarixi [5 j.li], 1J., T., 1977; Abduvohidova M ., O’zbek adabiyotida munozara, T., 1984.