YASAMA TISH

YASAMA TISH, tish protezi — turli sabablar tufayli tushib ketgan yoki olib tashlangan tabiiy tishlar o’rnini to’ldirish hamda tish nuqsonlarini yo’qotish maqsadida ishlatiladigan maxsus ortopedik moslama. Bolalar tishi noto’g’ri joylashganda va jag’tishlar jipslashuvi buzilganda maxsus mosla- ma qo’llaniladi (ortodontik davo), bu esa ular yuzidagi nuqsonlarning oldini olish va davolash imkonini beradi. Yasama tish har bir kishining o’ziga, uning organizmiga zarar qilmaydigan materiallar: plastmassa, chinni va metal qotishmalar (oltin, kumush, platina, maxsus po’lat va hokazolar)dan yasaladi. Yasama tishni o’z vaqtida qo’yish kerak, chunki bir nechta tish o’rni bo’shab qolsa, ovqat to’liq chaynalmaydi, bu esa me’da va ichak faoliyatining buzilishiga sabab bo’ladi. Yasama tish qo’yish qo’ymaslikni stomatolog vrach belgilaydi. Yasama tishlar doimiy va olinadigan qilib qo’yiladi. Doimiy Yasama tishlarning qoplama (koronka), ko’priksimon, shtift (mix) li va qistirma (vkladka) xillari bor. Qistirma Yasama tishlar plastmassa va chinnidan yasaladi: ular, asosan, oldingi tish koronkasi chetnaganda yoki ko’p qismi yemirilib ketganda shaklini tiklash uchun qo’llaniladi. Qoplamalar zanglamaydigan po’lat, oltin, plastmassa va chinnidan yoki ularni aralashtirib qilinadi. Oldingi tish koronkasi yemirilganda, tish ildizini to’la davolab, shtiftli tish bilan tiklash mumkin; uni tish ildiziga o’rnatib qo’yiladi. Ko’priksimon Yasama tish 1-2 ta tish bo’lmaganda qo’yiladi. Ular tayanch tishlar oralig’iga qoplanadi — bu koronkalar plastmassa yoki chinnidan yasaladi, yo hammasini metalldan qilish mumkin. Ko’priksimon Yasama tish shikastlanmagan yoki to’liq davolangan tishlargagina o’rnatiladi. Olinadigan (plastinkali) Yasama tish milkka yoki qattiq tanglayga mahkamlab qo’yiladigan va sun’iy tishlar o’rnatilgan plastinka (asos)dan iborat. Ko’p tishlar yo’q va sog’lom tayanch tishlar bo’lmaganda olinadigan Yasama tish tavsiya etiladi. U to’liqmas va to’liq (hamma tishlar o’rnini to’ldiradigan) bo’ladi. Ko’p tishlar yo’q va tayanch tishlar sog’lom bo’lsa, yoysimon (byugel) Yasama tish qulay, bunda asos plastinka o’rnida metall yoydan foydalaniladi. Hamma tish bo’lmaganda to’liq Yasama tish qo’llaniladi: uning plastinkasi shilliq qavatga tiralib, so’lak bilan ho’llanib yopishib turganligi sababli protez og’izda yaxshi o’rnashadi. Yasama tish qo’yishdan oldin, albatta, og’iz bo’shlig’ini sog’lomlashtirish (chirigan tishlarni davolash, juda yemirilgan tishlar va tish toshlarini olib tashlash), tayanch tishlar ildizi atrofidagi to’qimalar holatini tekshirish shart. Yasama tish qo’ydirishga muhtoj bo’lgan kishiga mos protez tuzilishini stomatolog vrach aniqlaydi.