YASHASH UCHUN KURASH

YASHASH UCHUN KURASH — evolyutsion ta’limotning asosiy tushunchalaridan biri. Ch.Darvin Yashash uchun kurash tushunchasidan tur individlari va har xil tashqi omillar o’rtasidagi munosabatlarni ifodalash uchun foydalangan. Yashash uchun kurash organizmlarning o’z hayotini saqlab qolishga hamda o’z avlodlari hayotini ta’minlashga qaratilgan joriy faoliyati, ya’ni organizmlar o’rtasidagi tabiiy musobaqadan iborat. Yashash uchun kurash organizmlarning jadal ko’payishi tufayli ularning normal yashashi uchun zarur bo’lgan resurslar: oziq-ovqat va suv zaxirasi, joy va boshqalar etishmasligi natijasida kelib chiqadi. Ch.Darvin ko’rsatishicha, eng kam (3-4 yilda 1 marta) tug’adigan hayvonlardan bo’lgan filning bir jufti ham qulay sharoitda ko’payganida 750 yildan so’ng 19 millionga yetadi. Bitta treska balig’i birdaniga 10 million tuxum qo’yadi; mingdevona o’simligining bir tupi 400000 dan ortiq urug’beradi. Agar ularning ko’payishiga hech qanday to’siq bo’lmaganida birmuncha vaqtdan so’ng treska hamma suv havzalarini va mingdevona quruqlik yuzasini egallab olgan bo’lardi. Lekin tabiatda hech qachon bunday bo’lmaydi. Chunki tur individlarining ko’payish tezligi bilan ular hayoti uchun zarur bo’lgan vositalar miqsori o’rtasida nomutanosiblik kelib chiqishi oqibatida Yashash uchun kurash boshlanishi tufayli individlarning juda ko’p qismi nobud bo’ladi. Ch.Darvin Yashash uchun kurashning 3 shaklini: tur ichidagi, turlararo va organizm bilan anorganik tabiatning noqulay sharoitiga qarshi kurashni ko’rsatib bergan. Tur ichidagi kurash tur individlari o’rtasidagi raqobatni aks ettiradi. Bir turga, ayniqsa bitta populyasiyaga mansub bo’lgan individlarning yashash va ko’payib nasl qoldirish uchun bir xil sharoit zarur bo’lgani sababli tur ichidagi Yashash uchun kurash juda murakkab va keskin bo’ladi (masalan, erkak hayvonlarning urg’ochilarini talashishi, yirtqichlar o’lja talashishi). Evolyutsiya davomida bir tur individlari o’rtasidagi raqobatni bartaraf etuvchi turli moslanishlar paydo bo’lgan, masalan, to’ng’izlar, ayiqlar, arslonlar, chumolilar o’zlari yashab, oziqlanadigan hududlarni biron belgi bilan chegaralab chiqadi; ayrim hayvonlar (baliqlar, kemiruvchilar) populyasiyasi soni oshib ketganida o’z naslining bir qismini yeb qo’yadi yoki ezib tashlaydi (qushlar). Turlararo kurash har xil turga mansub individlar o’rtasidagi munosabatlarni aks ettiradi va quyidagi ko’rinishda yuzaga chiqadi: a) bir xil muhitda yashaydigan ikki yoki undan ko’proq turga mansub individlar o’rtasidagi yashash sharoiti uchun kurash (masalan, begona o’tlar bilan ekin o’rtasida namlik, yorug’lik yoki tuproqsagi oziq moddalar uchun kurash); b) bir turdan ikkichisining bir tomonlama foydalanishi (yirtqich — o’lja munosabatlari); v) bir turning boshqa tur uchun qulaylik yaratishi (o’simlik urug’larining hayvonlar yungi orqali tarqalishi); g) har xil turlarning bir-biriga qulaylik tug’dirishi (hasharotlarning guldan nektar yig’ishi va uni changlatishi). Organizmlarning muhitning noqulay sharoitiga qarshi kurashi tabiatning noqulay omillariga qarshi kurashidan iborat. Bu kurash o’ta quruq yoki nam, o’ta issiq yoki sovuq mintaqalarda yaqqol ko’zga tashlanadi. Evolyutsiya jarayonida organizmlarda noqulay sharoitda yashashga imkon beradigan bir qancha moslanishlar paydo bo’ladi. Masalan, nam va issiq tropik ikdimda o’simliklar barglari yiriklashadi; quruq va issiq iqlimda esa suvni tejab sarflashga imkon beradigan bir qancha belgilar (barglarning kichiklashuvi, mum va tukchalar bilan qoplanishi, barg og’izchalar sonining kamayishi) paydo bo’ladi. Yashash uchun kurash tur individlari ancha qismining eliminasiyatsiga, ularning nasl qoldirishda tanlanib ishtirok etishiga olib keladi. Irsiy o’zgaruvchanlik asosida boradigan Yashash uchun kurash natijasida tabiiy tanlanish sodir bo’ladi. Zamonaviy tasavvurlarga binoan individlar sonining oshib ketishi Yashash uchun kurashni keskinlashtirsa ham uning asosiy sharti bo’lolmaydi. Tur ichidagi raqobat va o’zaro yordam biri ikkinchisini inkor qiladigan kategoriyalar emas. Muayyan sharoitda organizmlar o’rtasidagi o’zaro yordam munosabatlari alohida individlarning yashab qolishiga imkon berishi bilan birga turning moslanishini ham kuchaytiradi. Bunga tur individlarining xavf to’g’risida bir- birini ogohlantirishi va kuchliroq dushmandan ko’pchilik bo’lib o’z individlarini himoya qilishini misol qilib ko’rsatish mumkin. Lekin bu munosabatlar tur individlari o’rtasida passiv raqobatni istisno qilmaydi. Organizmlar o’rtasidagi farq yashash muhitiga moslanish darajasi hamda ularning tashqi omillar va boshqalar tur individlari bilan Yashash uchun kurashda ustunlik qilish imkoniyati bilan belgilanadi. Ad. Mavlonov O., Biologiya, T., 2002; Shmalgauzen I.I., Faktorn evolyusii, 2 izd., M., 1968; Gall Ya . M ., Borba za suvdestvovanie kak faktor evolyusii, L., 1976; Belyaev D.K.IDR., Obadaya biologiya, M., 1998.