YEM-XASHAK BALANSI
YEM-XASHAK BALANSI — xo’jalikdagi mavjud yem-xashak miqdorini unga bo’lgan ehtiyoj bilan qiyoslash. Odatda, u chorva mollarining belgilangan davrda yem-xashak bilan qanchalik ta’minlanganligini aniqlash, agar kamchil bo’lsa, uni tayyorlash tadbirlarini ko’rish maqsadida kelgusi yil uchun, shuningdek, istiqbol rejaga asosan bir necha yilga mo’ljallab tuziladi. Yem-xashakka bo’lgan ehtiyoj chorva mollarining mikdorini va yoshini hisobga olgan holda, ularni to’g’ri boqishdagi ilmiy ko’rsatmalarga asosan belgilanadi. Mavjud yem-xashak molxonada boqish davrida saqlashga qo’yilgan yem-xashak miqdoriga va yem-xashak ekinlari hamda yaylovlar maydoniga, ulardan olinadigan hosilning salmog’iga qarab aniqlanadi. Keyin turli xil yem-xashak miqdori alohida hisoblanib, uning qancha ozuqa biryaigita tengligi va tarkibidagi hazm bo’ladigan oqsil miqdori aniqlanadi. Yem-xashak balansining kirim va chiqim qismlari bor, kirim qismida yil boshidan qolgan ozuqalar qoldiqlari, xo’jalikda ishlab chiqarilgan ozuqalar, mollarni oziqlantirishga yaroqli chiqindilar va boshqa xo’jaliklardan olinadigan ozuqalar (oshxona va sanoat chiqindilari); chiqim qismida chorva mollarining rejalashtirilgan davrdagi yem-xashakka bo’lgan ehtiyoji va boshqa xo’jaliklarga sotish mo’ljallangan yem-xashak miqdori, ozuqaning ehtiyoj foizi ko’rsatiladi. Mavjud yem-xashak miqdori yem-xashakka bo’lgan ehtiyojga teng kelishi kerak. Yem-xashak balansi yozgi va kishki davrlarga aloxida tuziladi. Bu davrlarning davomiyligi xo’jalik joylashgan hududning tabiiy shart-sharoitlari bilan belgilanadi. Yem-xashak balansi mollar turlari va ularning sut mahsulotlariga, tirik vazni, yoshiga qarab alohida guruhlar bo’yicha (mas, sigirlar, g’unajinlar, buqalar, 1 yoshgacha bo’lgan buzoqlar, bo’rdoqiga boqilayotgan so’qimlar) mol boshi sonini davrlar bo’yicha kunlarga ko’paytirilib, ozuqakun miqdori, so’ngra ozuqa turlariga ko’ra sutkalik ratsionini ozuqa-kun miqdoriga ko’paytirib umumiy ozuqa miqdori topiladi. Yem-xashak balansi ozuqalarning tabiiy holati, ozuqa birligi, hazm bo’luvchi protein bo’yicha ham tuziladi. Yem-xashak balansi kelasi yillar uchun ozuqa bazasini mustahkamlash va uni rivojlantirish rejasi hamdir. Kaudenbay Karibayev.