YENOTSIMON IT

YENOTSIMON IT (Nyctereutes procyonoides) — yirtqich sut emizuvchilar turkumining itsimonlar oilasiga mansub hayvon. Tanasining uzunligi 65— 80 santimetr, dumi 15-25 santimetr, og’irligi 4— 10 kilogramm, oyoqlari qisqa, bo’yi past. Boshining ikki tomonidagi junlar «chakka soqol» hosil qiladi. Mo’ynasi sarg’ish, to’q kulrang yoki ko’pincha qora. Rossiya, Yaponiya, Xitoy va Koreyada tarqalgan. O’rta Osiyo, Belorussiya, Ukraina, Kavkaz va Oltoyda iqlimlashtirilgan. O’zbekistonda Daryo va ko’llar bo’yidagi qamishzorlarda, butazorlar va to’qaylarda uchrab qoladi. Yerni kovlab uya yasaydi. Ko’pincha bo’rsiq yoki tulkining tashlab ketgan uyalaridan va tabiiy boshpanalardan foydalanadi. 5-6 tasi to’planib, qishni karaxt holda o’tkazadi. Mayda jonivorlar va o’simliklar bilan oziqlanadi. Martda urchiydi. Homiladorlik davri 64 kun, 6-8 tagacha bola tug’adi. Bahorda tullaydi. Mo’ynasi uchun ovlanadi.