YER FONDI

YER FONDI — mamlakatning jami yer resurslari maydoni. Yer fondi yerlardan foydalanishning belgilangan asosiy maqsadga ko’ra quyidagi toifalarga bo’linadi: 1) qishloq xo’jaligiga mo’ljallangan yerlar — sug’oriladigan va sug’orilmaydigan (lalmikor) yerlar, haydaladigan yerlar, pichanzorlar, yaylovlar, ko’p yillik mevali (mevasiz) daraxtzorlar va tokzorlar va boshqa ekinlar bilan band yerlar va boshqalar; 2) aholi punktlari (shaharlar, shaharchalar va qishloq aholi punkti) yerlari — shaharlar va shaharchalar, shuningdek, qishloq aholi punktlari chegarasi doirasidagi yerlar; 3) sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo’ljallangan yerlar — ko’rsatilgan maqsadlarga foydalanish uchun yuridik shaxslarga berilgan yerlar; 4) tabiatni muhofaza qilish, sog’lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga mo’ljallangan yerlar — alohida muhofaza etiladigan tabiiy xududlar egallagan, tabiiy davolash omillariga ega bo’lgan yerlar, shuningdek, ommaviy dam olish va turizm uchun foydalaniladigan yerlar; 5) tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar — tarixiy-madaniy yodgorliklar joylashgan yerlar; 6) o’rmon fondi yerlari — o’rmon bilan qoplangan, shuningdek, o’rmon bilan qoplanmagan bo’lsa ham, o’rmon xo’jaligi ehtiyojlari o’chun berilgan yerlar; 7) suv fondi yerlari — suv ob’yektlari, suv xo’jaligi inshootlari egallagan yerlar va suv ob’yektlarining qirg’oqlari bo’ylab ajratilgan mintaqadagi yerlar; 8) zaxira yerlar — yuqorida nomlangan Yer fondi toifalariga ajratilmagan, ma’lum ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik sabablarga kura xalq xo’jaligi maqsadlarida foydalanish imkoniyatlari bo’lmagan yerlar. Yer fondi to’g’risidagi ma’lumotlar har xo’jalik yilning 1-yanvarga nisbatan tuziladi. Yer fondi ma’lumotlari xo’jalik, tuman, viloyat va mamlakat miqyosida beriladi. Bunda Yer fondi tarkibidagi yer turlarining maydon va sifat o’zgarishlari o’z aksini topadi. O’zbekistonda Yer fondining asosiy qismi (62% ga yaqini) qishloq xo’jalik yer turlari toifalariga mansub, qolgan qismi Fuqarolar yerlari — tomorqa (1%), o’rmon va to’qayzorlar (3,2%) va qishloq xo’jalikda foydalanilmaydigan yerlardan (34,2%) iborat. Shundan sug’oriladigan yerlar jami yer resurslarining 9,6% tashkil etishiga qaramay respublika qishloq xo’jaligida yetishtiriladigan yalpi mahsulotning 90% shu yerlardan olinadi. Ad.: Er munosabatlarini tartibga solishga doir qonun va me’yoriy hujjatlar to’plami [I qism], T., 2000. Qosimjon Rahmonov.