Yer osti suvlari

Yer osti suvlari – tog` jinslaridagi g`ovaklar, g`or va yoriqlarda yig`ilgan qattiq (muz), bug` va suyuq holatdagi suvlar. Yer osti suvlari daryo, dengizlar va umuman past tomonga qarab doimo harakat qiladi va buloq bo`lib oqib chiqadi. Yer osti suvlari bor jinslar suvli jinslar, qatlamlar esa, suvli qatlamlar deyiladi, Yer yuzasiga yaqin birinchi suvli qatlamda grunt suvlari joylashadi. Grunt suvlari tagida bosimli artezian suv qatlamlar i bo`ladi. Yer osti suvlari tarkibida turli kimyoviy elementlar, organik moddalar, gazlar va bakteriyalar bo`ladi. Tarkibida turli minerallar bo`lgan suvlar shifobaxsh bo`lsa, mineral suvlar deyiladi. Aholi, sanoat va yaylovlarni suv bilan ta’minlashda, yerlarni sug`orishda, tibbiyotda (mineral suvlar), issiqlik bilan ta’minlashda (issiq suvlar), xar xil tuz va kimyoviy elementlar (yod, bor, brom, va b.) olishda yer osti suvlarining ahamiyati katta.