YER PO’STI TEBRANMA HARAKATLARI

YER PO’STI TEBRANMA HARAKATLARI, epeyrogenik harakatlar — yer po’stida sodir bo’ladigan doimiy tektonik harakatlar. Yer kurrasining hamma qismida sodir bo’lib, uzluksiz davom etadi. Yer po’sti tebranma harakatlari natijasida ayrim qit’alar va bir necha yoki o’nlab kilometr kvadrat keladigan maydonlar ko’tarilishi yoki pasayishi mumkin. Bu hodisa yer geologik rivojlanish tarixining barcha davrlarida davom etgan. Yer po’sti tebranma harakatlari rivojlanishining asosiy qonuniyatlari va ularning yer geologik tuzilishidagi ahamiyati A.P.Karpinskiy tomonidan ko’rsatib o’tilgan. Tadqiqotlar davomida Yer po’sti tebranma harakatlarining umumiy va to’lqinsimon turlari aniqlangan. Umumiy turlari butun qit’a yoki uning katta qismini egallagan keng hududlarning bir vaqtda ko’tarilishi va pasayishida namoyon bo’ladi. To’lqinsimon turlari umumiy tebranishlar ustiga qoplanadi va yer yuzasi har qaysi yirik hududini uzoq muddatli ko’tarilish yoki bukilish zonalariga parchalashi bilan ifodalanadi. Bu harakatlar yer yuzasi relefi va fasiyalarning bo’linishi va cho’kindi yotqiziklarning qalinligida ko’rinadi. Yer po’sti tebranma harakatlarini o’rganish usullari yer po’sti harakatlarining davom yiligiga qarab tanlanadi. Yaqin zamonlarda (va tarixiy, golosen davri — 10 ming yil) namoyon bo’lgan harakatlar — geodezik asboblar (nivelir, teodolit, futshtok, deformometr), arxeologikva geomorfologik usullar bilan, yangi davrdagi (25-40 million yil oldin) Yer po’sti tebranma harakatlari geomorfologik va geologik usullar bilan, yer po’stining qadimgi (neogendan oldingi) tebranma harakatlari asosan geologik usul bilan o’rganiladi. Shu ma’lumotlar asosida qadimgi geografik sharoitni ko’rsatuvchi xaritalar tuziladi. Xaritalarda quruqlik, dengiz va uning sohili, ko’tarilma, bukilma, cho’kmalar qanday yoshdagi tog’jinslaridan tashkil topganligi, ularning qalinligi, fasiyalari ko’rsatiladi. Yer po’sti tebranma harakatlarini o’rganish katta amaliy ahamiyatga ega. Chunki u foydali qazilma konlari (neft, gaz, ko’mir, cho’kindi rudalar G’e, Mp, fosforitlar, boksitlar va boshqalar) bilan bog’liq bo’lgan cho’kindi jinslar formatsiyalarining yer po’stidagi taqsimlanish qonuniyatlarini aniqlashda yordam beradi. Yirik binolar, suv omborlari va boshqalar qurishda ham muhimdir.