YER TUZISH XARITASI
YER TUZISH XARITASI — yerga egalik qiluvchi xo’jaliklar hududidagi tafsilotlar (sug’orish va yo’l tarmoqlari, aholi yashash joylari va hokazolar) va yer turlari (haydaladigan yerlar, bog’lar, yaylovlar va boshqalar) gorizontal proektsiyasining kichraytirilgan tasviri. Yer tuzish xaritasi aerofotosuratlar asosida maxsus fotografiya asboblari yordamida joy tasvirining to’la ma’lumotlari bilan tuziladi. Ayrim hollarda Yer tuzish xaritasi dala o’lchov ishlari natijasida tuzilishi mumkin. Yer tuzish xaritasi 1:10000 va 1:25000, ba’zan 1:5000, 1:50000 masshtablarda tuziladi. Aholi yashaydigan joylar, yer turlari, ekinzorlar va boshqa yer uchastkalarining Yer tuzish xaritasida tasvirlash yer tuzish ishlarida qo’llash uchun tavsiya qilingan shartli belgilar bilan ifodalanadi. Yer tuzish xaritasi yer tuzish loyihalarining chizma qismini bajarishda, tuproq, sug’orish, yerlarni baholash va hisoblash xaritalarini tuzishda, maxsus agrotexnik, agrokimyoviy, gidrotexnik va boshqa tadqiqotlar o’tkazishda, shuningdek, xo’jalikning yerdan foydalanish huquqini beruvchi davlat dalolatnomasini izohlovchi hujjat sifatida qabul qilinadi. Yer tuzish xaritasilarining ko’paytirilgan nusxalari viloyat va tuman miqyosidagi yer tuzish, qishloq xo’jalik xaritalarini tayyorlashda asos qilib olinadi. Yer tuzish xaritasi barcha yer tuzish loyihalarining tarkibiy qismiga kiradi.