YESENIN SERGEY ALEKSANDROVICH

YESENIN SERGEY ALEKSANDROVICH [1895.21.9 (3.10), Ryazan viloyati Konstantinov, hozirgi Yesenin qishlog’i — 1925.28.12, Sankt-Peterburg, Moskvada dafn etilgan] — rus shoiri. Ilk she’riy to’plami «Radunisa» (1916) dayoq qalb holatlarini noziq tuyg’ularda berishni, tabiat bilan bog’liq ruhiy kechinmalarni ifodalashning ustasi, qishloq hayoti, xalq tili va qalbining bilimdoni ekanligini namoyish etgan. 1919-22 yillarda Yesenin imajinist (ijodning maqsadini asarning mazmuniga mos kelishi shart bo’lmagan obrazlarni o’ylab topishda deb tushunuvchi)lar guruhida bo’lgan. «Moskva mayxonalari» (1924) va boshqa turkum she’rlarida, «Qora odam» (1925) dostonida shahar hayotining yaramas tomonlari, qishloqni xonavayron qilayotgan «taraqqiyot» haqqoniy aks ettirilgan. Yesenin «Anna Snegina» (1925) dostoni hamda «Sho’ro Rusi», «zamin darg’asi» (1925) to’plamlarida «kommuna oyoqqa turg’izayotgan rus»ni anglashga harakat qilsa ham, o’zini «o’tmishga aylanayotgan Rus» ning shoiri deb bildi. «Fors taronalari» she’rlar turkumi (1924-25) Hofiz, Sa’diy, Hayyom kabi Sharq ijodkorlariga cheksiz hurmat-ehtirom mahsuli sifatida dunyoga keldi. «Jar» (1916) qissasi, «Bobil va Drujok» (1917) hikoyasi, «temir Mirgorod» ocherkida Yesenin nasriy imkoniyatlarini namoyish etdi. Yesenin 1921 yil Toshkent va Samarqand shaharlarida bo’lgan. «Tanlangan she’rlar», «zamin darg’asi», «Lirika: she’rlar, dostonlar» she’riy to’plamlari E. Vohidov tomonidan o’zbek tiliga tarjima qilingan (1965, 1970, 1981). Toshkentda shoirning uymuzeyi ochilgan (1985). Yeseninning shaxsiy xayoti fojialar ichida kechgan. U og’ir ruhiy holatga tushib qolib, Sankt-Peterburgdagi mehmonxonalardan birida o’zini-o’zi o’ldiradi.