YETIM

YETIM — 1) ota-onasi yoki ulardan biri o’lgan bola. Xalq o’rtasida ota-onasi vafot qilib yolg’iz qolgan bola «chin Yetim», onasi bilan qolgan bola «gul Yetim», otasi bilan qolgan bola «shum Yetim”, ayrim hollarda otasi hamda onasi tomonidan tashlab ketilgan bolalar «tirik Yetim»deb atalgan. Jahonda ko’pgina xalqlarda bo’lgani kabi, O’rta Osiyo xalqlarida ham bola Yetim qolgan bo’lsa, ularni qarindoshlari yoki hamqishloqmahalladoshlari o’z qaramoqlariga olib tarbiyalaganlar (ular «asrandi bola» deb atalgan). O’zbekiston Respublikasi Yetim va qarovsiz bolalar tarbiyasini o’z otalig’iga olgan, maxsus Mehribonlik uylari, tarbiyaxona (internat)lar tashkil etilgan; 2) Turkiston o’lkasida yoshligidan boy xo’jaliklarga yollanib ishlovchi qarol, xizmatkor. Bunday Yetim chorvadorlarga bir yil, dehqonlarga 8-10 oy muddat bilan yollanar edi. Agar Yetim poda boksa, uning haqi 6-8 qo’y, yozlik va qishlik kiyim, kundalik ovqat, dehqonchilik ishlarida esa 4-5 botmon g’alla (yoki 120— 150 tanga pul), yozlik kiyimdan iborat bo’lar edi. Shartlashilgan muddat tamom bo’lgach, Yetim haqini olib ketishi yoki yangi mud-datga yollanishi mumkin edi. Chorvaning yo’qolishi yoki o’lishi, tabiiy ofat natijasida etgan zararni to’lash Yetim gardaniga tushgan.