YETIMKALOS TIZMASI
YETIMKALOS TIZMASI — Surxondaryo viloyatidagi Surxon-Sherobod qator tepalari tarkibiga kiruvchi tizma. Eng baland joyi 1216 metr. Uzunligi 8-10 kilometr. Janubi-g’arbdan shimoli-sharqqa yo’nalgan. Shimoliy-g’arbiy yon bag’ri ancha tik. Janubiy- Sharqiy yon bag’ri yotiqroq, quruq soy va tor daralar bilan o’yilgan. Yetimkalos tizmasi bo’r va paleogenning qumtosh, alevrolit, ohaktosh va gipsidan tashkil topgan. Ayrim joylarda dag’al to’q bo’z tuproqlar yuvilib ketganligi tufayli tub jinslar ochilib qolgan. Yon bag’irlarda qo’ng’irbosh, Iloq, efemeroidlar, shuningdek, shair bilan birga tog’shuvog’i, biyurg’un, sho’ra, gulxayri, oqquray keng tarqalgan. Yetimkalos tizmasi yaylov sifatida foydalaniladi.