YEVGENIKA

YEVGENIKA (Yunoncha eugenes — yaxshi zurriyot) — odam salomatligi irsiyati va uni yaxshilash to’g’risidagi ta’limot. Yevgenikaning tamoyillari birinchi marta 1869 yil ingliz paleontologi F. Galton tomonidan ishlab chiqilgan. U kelgusi avlod irsiy xususiyatlari (salomatligi, aqli, qobiliyati, iqtidori) ning yaxshilanishiga ta’sir etishni o’rganishni taklif etgan. Yevgenikaga qiziqish ayniqsa 20-asrning l-choragida genetikaning jadal sur’atlar bilan rivojlanishi hamda odam belgilarining irsiylanishi to’g’risida ko’plab dalillar to’planib borishi bilan oshib ketdi. Ilg’or olimlar (F. Galton, G. Meller, N. K. Kolsov) Yevgenika oldiga insonparvarlik vazifasini qo’yishgan edi. Lekin Yevgenika g’oyalaridan ko’pincha irqchilikni oqlash (mas, fashizm irqchilik g’oyasi) maqsadlarida foydalanilganligi tufayli ilmiy g’oya va tushuncha sifatida Yevgenikaning obro’si tushib ketdi. Hozir Yevgenikaning ko’pgina muammolari, ayniqsa insonning irsiy kasalliklariga qarshi kurash masalalari odam genetikasi, jumladan, tibbiy genetika doirasida o’rganiladi.