YEVKRADIT
YEVKRADIT (? — miloddan avvalgi 155) – Yunon-Baqtriya podsholigi shohi (miloddan avvalgi taxminan 171 — 155), dastlab Baqtriyadagi harbiy garnizon boshlig’i. Demetriy I ning Hindistonga qilgan yurishidan foydalanib, miloddan avvalgi taxminan 174 yilda Baqtriyada qo’zg’olon ko’targan va hokimiyatni o’z qo’liga olgan. Baqtriyaliklar Yevkradit boshchiligida sug’diylar, araxotlar, drang’lar, areylar va hindlar bilan betinim urushlar olib borishgan. Demetriy I bir qism qo’shini bilan Hindiston yurishidan qaytib Yevkradit qo’shini bilan kurashga kirishgan va Baqtra shahrini qamal qilgan. Qamal 5 oyga cho’zilgan. Yevkradit 300 jangchisi bilan bot-bot qal’adan chiqib 60 minglik qo’shinga ega raqibiga ketma-ket zarbalar berib g’alabaga erishgan, Demetriy I jangda halok bo’lgan. Demetriy I ning vorislari Hind vodiysidagi hokimiyatni o’z qo’llarida saqlab qolgan. 2 ta mustaqil hokimiyat: Yunon-Baqtriya va Yunonhind podsholigi vujudga kelgan. Miloddan avvalgi 162 yilda Yevkradit Parapamisadga bostirib kirib Demetriy I ning vorislaridan Panjobni tortib olgan. Ammo, uning hujumi Hind vohasidagi Yunon-Hind podsholigining shohi Menandr tomonidan to’xtatilgan. Yevkradit Hindistondan qaytayotganida o’g’li va taxtdoshi Geliokl tomonidan o’ldirilgan. Yevkradit zarb etgan tangalar arxeologlar tomonidan O’zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston va Afg’oniston hududidan ko’plab topilgan.