YIG’I MAROSIMI
YIG’I MAROSIMI — o’lim va dafn marosimi bilan bog’liq udumlardan biri. O’lim oila boshiga tushgan og’ir musibat. Ko’p yerlarda, xususan, qishloq joylarda Yig’i marosimi odat tusiga kirgan bo’lib, ma’lum tartibda o’tadi. Ayollar yakka tarzda yoki bir-birlari bilan ko’rishib yoki davra qurib o’tirib (ba’zan tik turib) yig’laydilar. O’tirib yig’lashda katta davra quradilar. Odatda, qishloqda, shahar mahallalarida aza qo’shig’ini aytuvchi yig’ichi (go’yanda) ayollar bo’lgan. Ta’ziya marosimida yig’ini go’yanda boshlaydi, o’rtaga tushib va vafot etganning belbog’i, marhum, ayol bo’lsa, ro’molini bo’yniga tashlab, uning yaxshi xislatlarini, tirikligida qilgan ishlarini yaqinlari tilidan ta’sirli qilib aytib yig’laydi. Azador qiz va kelinlar yig’iga qo’shiladilar, boshqa ayollar ham jo’r bo’ladilar. Yig’i marosimining ikkinchi ko’rinishi sadr (sadr tushish) nomi bilan ma’lum. Bunda marosimga yig’ilgan ayollar tik turib, davra qurib yig’laydilar. Aytuvchi davraning o’rtasida turadi, u bilan davra ichida shu xonadonning ayollaridan biri (onasi, xotini, qizi va boshqalar) ham bo’lgan. Aytuvchi yuqoridagi tartibda, marhum nomini va uning yaxshi xislatlarini aytib yig’i boshlaydi. Ayollar aylanib, tepinib davrani buzmasdan, gir aylanib yig’laydilar. Aytuvchi yig’ining bu ko’rinishi qishloqda yoki mahallada bir yil davomida o’lgan kishilarning nomini navbat bilan aytib bo’lmaguncha davra yig’isi davom etgan. Bu odatlar Movarounnahr va Xorazm o’lkasida qadimdan mavjud bo’lib, bizgacha yetib kelgan. Ko’p joylarda, masalan, O’zbekistonning Janub viloyatlarida sadr tushish odati kam uchraydi. Lekin Islomda, hadisi shariflarda marhumga faryod urib yig’lash ma’qul sanalmaydi. Marhumning el-yurtga kilgan yaxshi amallarini xotirlab, unga Allohdan rahmat tilashga chaqiriladi.