YOG’LARNI TOZALASH

YOG’LARNI TOZALASH yog’larni zaharli (zararli) moddalar va mexanik aralashmalardan tozalash. Yog’larni mexanik va kimyoviy tozalash usullari bor. Mexanik tozalash yog’larni tindirish, suzish (filtrlash) va separatsiyalash (yot moddalardan ajratish) jarayonlarini o’z ichiga oladi. Yog’larni kimyoviy tozalash ularni trigliserid bo’lmagan, ammo urug’ (mag’iz) tarkibida uchraydigan har xil yo’lakay moddalardan xoli qilish. Urug’ murakkab kolloid sistema bo’lib, o’simlikning turi, agrotexnika usuli va saqlash sharoitlariga qarab uning tarkibida trigliseridlardan tashkari erkin holdagi yog’kislotalari, fosfolipidlar, oqsillar, karbon suvlar, har xil rang hamda hid beruvchi moddalar bo’ladi. Yog’ olish jarayonida yuqorida qayd etilgan moddalar ham yog’ bilan birga chiqadi. Ovqatga ishlatiladigan yog’lar trigliserid bo’lmagan aralashmalardan tozalanishi — rafinatsiya qilinishi shart. Aralashmalarning tarkibi va xususiyati hamda yog’ning qaysi maqsadda ishlatilishiga qarab rafinatsiya jarayoni ko’p bosqichli bo’lishi mumkin. Ko’p hollarda rafinatsiya yog’larni suv bilan ishlab (gidratatsiya) fosfolipid — oqsilkarbon suvlar kompleksini ajratib olishdan boshlanadi. Yog’larni erkin holdagi yog’ kislotalari va boshqa yo’lakay aralashmalardan tozalash uchun, masalan, paxta yog’ini ishqor (NaOH) eritmasi bilan ishlanadi. Hosil bo’lgan sovunli eritma (soapstok) tindirish va suzish yo’li bilan yog’dan ajratib olinadi. So’ngra yog’osh tuzi eritmasi va suv bilan yuviladi, quritiladi. Bunda u erkin yog’kislotalari, kisman rang va hid beruvchi moddalardan tozalanadi. Ayrim hollarda, masalan, past navli paxta chigiti yog’ini oqartirish, ya’ni rang beruvchi gossipol va yo’lakay moddalardan tozalash uchun turli adsorbentlardan foydalaniladi. Yog’lardagi qo’lansa hidni yo’qotish (dezodarasiya) uchun yog’160-200° gacha qizdirilib, vakuumda 220-240° li suv bug’i bilan ishlanadi. Tozalangan yog’ oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlashda, chiqindilarni esa sovun, sirt faol moddalar, dori-darmonlar, fosfolipidlar va boshqalar olishga ishlatiladi.