YOG’OCH PLITALAR

YOG’OCH PLITALAR — yog’och tolasi yoki qipig’iga ishlov berib tayerlanadigan materiallar. Yog’och tolali plitalar — yog’och (yoki boshqa tolali o’simlik poyasi) ning tolali massasini qolipga quyib, presslab va quritib olinadigan yog’och materiallar. Asosiy mahalliy xom ashyolar (qurilishga ishlatilmaydigan yog’och, ya’ni o’tin, yog’ochga ishlov berishda chiqadigan chiqindilar, qog’oz makulatura, somon, o’simlik o’zaklari) ning ko’pligi va arzonligi tufayli bunday plitalar ko’plab ishlab chiqariladi. Tolali massa termomexanik, mexanik va kimyoviy mexanik usullarda olinadi. Buning uchun massa nam holatda bog’lovchi moddalar qo’shilmasdan, quruq holatda tolali massaga 4-8% sintetik smola qo’shib tayyorlanadi. Plitalarning xossalarini yaxshilash uchun ularga parafin, kanifol, sintetik smola, antiseptik moddalar qo’shiladi. Ularning suvga chidamliligini oshirish uchun tola massasiga parafin, smola, moyli emulsiyalar, alyuminiy sulfat qo’shiladi. Plitalar quyish mashinalarida qolillanadi. Plitalarning o’ta qattiq, chala qattiq, himoyapardozlashda va izolyasiyada ishlatiladigan xillari bor. Qattiq va o’rtacha qattiq plitalar ko’p qavatli presslarda 135-180° temperaturada, qattiq hamda o’ta qattiq plitalar 150— 170° temperaturada «toblanib», massasiga nisbatan 5-7% namlanib presslanadi. O’ta qattiq va qattiq plitalarning mustahkamlik chegarasi 50 mn/m2 (500 kgkuch/ sm2) gacha; uzunligi 1200-3600 millimetr, eni 1000— 1800 millimetr, qalinligi 3-8 millimetrli qilib ishlab chiqariladi. Ular turar joy va sanoat binolarida qavatlararo orayopmalar, tom hamda devorlarni issiqlik saqlaydigan qilish, xonani bezash va boshqalar uchun ishlatiladi. Yog’och qipiqli plitalar — (yog’och qipig’i) ni bog’lovchi moddalar bilan issiqlayin presslab olinadigan qurilish va mebelchilik materiali. Bir, uch, besh va ko’p qatlamli; bir qatlamli yaxlit hamda ichi teshikli; zichligi juda kam (350-450 kg/m3), kam (450— 650 kg/ m3), o’rtacha (650-800 kg/m3) va yuqori (700-800 kg/m3) xillari bor. Bog’lovchi modda sifatida mochevinoformaldegid, fenolformaldegid va boshqa smola (qatron) lar ishlatiladi. Bir qatlamli plitalarda qipiqlarning o’lchamlari va bog’lovchi moddalar miqdori plitaning butun qalinligi bo’yicha bir xil bo’ladi. Uch va besh qatlamli plitalarning bir yoki ikkala tomoni ichki qatlamiga nisbatan ancha mayda qipiq hamda bog’lovchi moddalar ko’proq bo’ladi. Bunday plitalarning sirti silliq va mustahkam bo’ladi. Plitalarning fizik-mexanik xossalari hajmiy massasiga, qipiqlarning shakli va o’lchamlariga, qatlamlar soniga, bog’lovchi moddalar sifatiga bog’liq bo’ladi. Bunday plitalar yaxlit yog’och plitalarga qaraganda biologik ta’sirlarga chidamli. Ular mebel sanoatida, qurilishda, xalq xo’jaligining boshqa sohalarida ishlatiladi.