YO’LDOSHEV MUBORAK SAYDAQULOVICH
YO’LDOSHEV MUBORAK SAYDAQULOVICH (1934.23.2, Chimkent shahri) — teatr rassomi, O’zbekiston xalq rassomi (2000). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1962; Ch. Ahmarov, M. Saidov, V. Riftinlardan ta’lim olgan). Navoiy nomidagi akademik opera va balet katta teatrida rassom (1962-64; J. Puchchinining «Floriya Toska» operasi va boshqalar), Samarqand opera va balet teatrida bosh rassom (1964— 72; S. Boboevning «Yoriltosh» va «Hamza» operalari, B. Asafevning «Boqchasaroy favvorasi», M. Ravelning «Bolero», S. Balasanyanning «Layli va Majnun» baletlari va boshqa spektakllarning sahna bezaklarini yaratdi). Toshkent teatr va rassomlik san’ati in-tida pedagog (1972-80). Yo’ldoshev ijodida tarixiy mavzu etakchi o’rin tutadi: «Go’ro’g’li, «ko’hna Urganch», «Alpomish», «Avesto», «Xo’ja Hofiz» turkumida asarlar, «Amir Temur» triptixi va boshqalar; Yo’ldoshev, shuningdek, portretlar («kompozitor Karim hoji», «Ergash Jumanbulbul», «Pulkan shoir», «Islom shoir» va boshqalar) mavzuli asarlar («Samarqand bozori», «Amir Temur maqbarasi» va boshqalar), natyurmortlar («Siren» va boshqalar) muallifi hamdir. Yo’ldoshev 1965 y.dan respublika va chet mamlakatlarda o’tkaziladigan ko’rgazmalarda o’z asarlari bilan faol ishtirok etadi.