YO’LDOSHEV SHUKRULLA UBAYDULLAYEVICH
YO’LDOSHEV SHUKRULLA UBAYDULLAYEVICH (1935.11.4, Toshkent) — mexanik olim, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1992), texnika fanlari doktori (1982), professor (1983). Toshkent politexnika institutining mexanika fakultetini tugatgan (1957). O’rta Osiyo qishloq xo’jalikni mexanizatsiyalash va elektrlashtirish ilmiy tadqiqot institutida katta ilmiy xodim (1962-64), ilmiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari (1974-76). Toshkent irrigatsiya va qishloq xo’jalikni mexanizatsiyalash muhandislari institutida dosent va kafedra mudiri (1977-83), ilmiy ishlar bo’yicha prorektor (1983-87), «Mexanizatsiya» markazining prorektori (1987-91), 1997 yildan kafedra mudiri. Ilmiy ishlari qishloq xo’jalik mashinalarini ta’mirlash, ularga texnik xizmat ko’rsatish, paxta terish mashinalarining texnikaviy darajasini oshirish, ish ko’rsatkichlarini yaxshilash va boshqa masalalarga bag’ishlangan. O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati (1995— 2000). As: texnicheskoe Sovershenstvovanie xlopkouborochnix mashin, T., 1976; mashinalar ishonchliligi va ularni ta’mirlash asoslari, T., 1994.