YONG’IN
YONG’IN — bir zumda shiddat bilan ro’y beradigan va tez tarqaladigan yonish jarayoni. Moddiy boyliklarni yo’qotadi va inson hayoti uchun xavf soladi. Yong’inga, asosan, olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, elektr va gaz asboblaridan hamda ishlab chiqarish jihozlaridan foydalanishning qoida va me’yorlarini buzish, moddalar (materiallar) ning o’zo’zidan alangalanishi sabab bo’ladi. Tashqi (ochiq), masalan, cho’l, o’rmon, neft va gaz favvoralari Yong’ini; ichki (berk), masalan, shaxta, bino ichidagi Yong’in xillarga bo’linadi. Yong’in ishg’ol qilgan fazoni shartli ravishda zonalarga: faol yonish, issiqlik ta’sir etuvchi va tutun bilan qoplash zonalariga bo’linadi. Faol yonish zonasi (Yong’in o’chog’i) yuqori issiqlik va tutun hosil qiladi. Bunda materiallar ko’pincha atmosfera havosining kislorodi bilan o’zaro ta’sirlashib tutaydi, alangalanadi, natijada issiqlik va tutun hosil bo’ladi. Yonayotgan qurilmalar va materiallar issiklik ta’sirida qiziydi va alangalanadi, yonmaydiganlari deformatsiyalanadi. Bu zonadagi eng yuqori tra tashqi Yong’inda sodir bo’lib, qattiq materiallar 1000°— 1250°, suyuqliklar 1100°-1300°, yonuvchi gazlar 1250°-1350° temperatura chiqaradi. Faol yonish zonasini boshqa zona — issiqlik ta’sir etuvchi zona qurshab oladi. Uning issiqlik ta’siri taxminan 60-80° pastroq bo’lib, atrofdagi ob’yekt va insonlar uchun xavfli bo’ladi. Yong’in vaqtida ajralib chiqadigan yonish mahsuloti (tutun) bilan qoplash zonasini hosil qiladi. Tutun tarkibida, odatda, azot, kislorod, uglerod oksidi, karbonat angidrid, suv bug’lari, kul va boshqa moddalar bo’ladi. Tutun tarkibiga kiruvchi to’la va chala yonish mahsulotlari juda zaxarli, ayniqsa, polimer materiallar yonganda o’ta zaharli bo’ladi. Ba’zi hollarda chala yongan mahsulotlar, masalan, uglerod oksidi kislorod bilan yonuvchi va portlashga xavfli aralashma hosil qilishi mumkin. Yong’in bilan kurashishda o’t o’chirish texnikasidan foydalaniladi.