YONISH
YONISH — muayyan miqdorda issiqlik va yorug’lik (alanga) chiqarib, shiddat bilan o’tadigan murakkab fizik-kimyoviy jarayon. Ko’pincha, Yonish asosini moddalarning oksidlovchi ekzotermik reaktsiyasi tashkil etadi. Fizik-kimyoviy nazariyaga ko’ra, moddalardagi issiqlik yoki diffuzion o’zgarish jarayonlari, portlovchi moddalar, ozon, atsetilenning ajralishi, moddalarning xlor, ftor bilan birikishi, metallarning xlor, natriy oksidi va boshqalar bilan o’zaro ta’siri Yonish hisoblanadi. Yonishning diffuzion (faol zarralarning diffuziyalanishi natijasida tarqalishi) va issiqlik (issiqlik uzatish natijasida tarqalishi) turlari bor. Diffuzion Yonish past bosimda ro’y beradi (masalan, gaz va havo aralashmasining yonishi). Issiqlik Yonishi pechlar, ichki yonuv dvigatellarida o’tadi. Yonuvchi modda va oksidlovchining agregat holatiga ko’ra, gomogen Yonish, portlovchi moddalar va poroxlarning yonishi, geterogen Yonish farq qilinadi. Gomogen Yonish — gaz va bug’simon yonuvchi moddalarning gazeimon oksidlovchi (masalan, havo kislorodi) muhitida yonishi. Gaz pechlari, kameralari, kolonkalari va boshqalarda shunday Yonish ro’y beradi. Portlovchi moddalarning yonishi — portlovchi moddalarning bo’linish ekzotermik kimyoviy reaktsiyasi zonasining o’z-o’zidan tarqalishi yoki bir qatlamdan ikkinchi qatlamga reaktsiya energiyasi (issiqlik) ning utishi natijasida portlovchi modda komponentlarining o’zaro ta’sirlashuvi. Bunda Yonish tezligi portlovchi moddaning tabiatiga, zaryadning bosimi, temperaturasi, zichligiga bog’liq bo’ladi. Bunday Yonish da tashqaridan havo berish shart emas. Geterogen Yonish — suyuq va qattiq yonilg’ining gazeimon oksidlovchi muhitida yonishi. Suyuq moddalarning yonishida ularning bug’lanishi muhim rol o’ynaydi. Tez bug’lanadigan suyuqliklarning yonishini gomogen Yonishga kiritish mumkin. Qattiq moddalar yonganda, ko’pincha, ularning tarkibidagi uchuvchi komponentlar ajralmaydi (masalan, metallarning yonishi). Texnikada tarkibida uglerod va ma’lum dorda organik moddalar bo’lgan qattiq yoqilg’i, mas, ko’mirning yonishi muhim o’rin tutadi. Yonish ning istalgan turida ikki bosqich — alangalanish va yonuvchi moddaning yonishi hamda Yonish mahsulotlari hosil bo’lguncha yonib tugashi ro’y beradi. Ikkala bosqich uchun ketgan vaqt umumiy Yonish vaqtini tashkil qiladi. Yonilg’ini to’la yondirish uchun kam vaqt sarflash yokish texnikasining asosiy vazifasidir. Qattiq, suyuq yoki gazeimon yoqilg’i to’la yonganda ajraladigan issiklik mikdori yoqilg’ining yonish issiqligi deyiladi. Yonish issiqligining past va yuqori, solishtirma va hajmiy xillari bor. Past yonish issiqligi yuqori yonish issikligidan yoqilg’i yonganda hosil bo’ladigan suvning bug’lanishi uchun sarflanadigan issiklik miqdoricha kichik bo’ladi. Masalan, tosh ko’mirning solishtirma yonish issikligi 28-34 MJ/kg, benzinniki 44 MJ/kg, tabiiy gazning hajmiy yonish issikligi 31 — 38 MJ/m3 (1J=0,239 kal). Yonish jarayonini o’rganish fan va texnikada, harbiy ishda, kosmik raketalarni uchirishda, kundalik turmushda juda muhim o’rin tutadi.