YOPINCHIQ

YOPINCHIQ — ayollar boshi ustidan yopadigan kiyim; ayollar qomatini kishi ko’zidan yashirib turadigan keng to’rtburchak shaklidagi mato. Rangbarang ip (ipak) bilan kashta tikib, piston, nozik, ko’zlar qadab bezatiladi. To’ylarda va ko’chaga chiqqanda yo. tutilgan. Yopinchiq kishilik kiyimi bo’lishi bilan birga kelinlar sepiga ham kiritilgan, nikoh libosining asosiy qismiga aylangan. O’zbekiston hududida Yopinchiqning paranji, sarandoz, jelak va boshqa turlari mavjud. Yelkaga tashlab yuriladigan engi uzun chopon shaklidagi turi miloddan avvalgi 1ming yillik o’rtalarida yuzaga kelgan. O’zbekiston hududidan topilgan qadimgi davr madaniy yodgorliklari (mayda sopol haykalchalar) bu yerda qadimdan Yopinchiq bo’lganligini ko’rsatadi; kushanlar davrida Yopinchiq chetlari (bari va etagi) aylana shaklidagi metall nishonlar bilan hoshiyalanib, keyinroq qora mag’iz va yoqasida 1-2 uchburchakli qaytarma bilan bezatilgan. Islom dini hukmronligi davridan boshlab boshga (ba’zan qora to’r bilan yuzni berkitgan holda) yopa boshlaganlar; shu tarzda paranjining dastlabki nusxalari paydo bo’lgan (16—17 asrlar). 18—19 asrlarda keng tarqalgan, 20 asr o’rtalarigacha saqlangan. 20 asr o’rtalaridan yana Yopinchiq urf bo’la boshladi, faqat Farg’ona vodiysida Yopinchiq o’rniga katta gulli (shol) ro’mollardan foydalaniladi.