YOQUBBEK

YOQUBBEK (Muhammad Yoqubbek badavlat, otaliq G’oziy) (1820, Piskent — 1877, Sharqiy Turkistonning Ko’rla shahri) — Qo’qon xonligining harbiy va davlat arbobi, Yettishahar Uyg’ur davlatining hukmdori (1865-77). Otasi Pirmuhammad Mirzo Qo’qon xonligidagi Qurama qishlog’i qozisi, onasi piskentlik qizi Shayx Nizomiddinning singlisi. Yoqubbek 1845 yil Toshkentda askarlikka chaqirilgan. Tog’asi Toshkent qozisi bo’lib tayinlanishi va singlisining Toshkent hokimiga turmushga chiqishi munosabati bilan uning mavqei tez o’sgan, xon o’rdasida mahram, keyinchalik ellikboshi, yuzboshi, ponsod (beshyuzboshi) bo’lgan, Chinoz va Avliyoota (1846) ga, Oqmachit (1847) ga bek qilib tayinlangan. Yoqubbek Oqmachitda qushbegi lavozimiga ko’tarilib, rus bosqinchilariga qarshi kurashda Jasur sarkarda ekanligini ko’rsatgan. Toshkent hokimi uni chaqirtirib, boturboshi etib, Qo’qon xoni Xudoyorxon esa, uni Xo’jand (1852) begi qilib tayinlaydi. Xudoyorxonga qilgan muvaffaqiyatsiz fitnasidan keyin (1853) Buxoroga qochgan. Xudoyorxon taxtdan ag’darilgandan so’ng Qo’qonga qaytgan (1858). 1864 yilda Sharqiy Turkistonda manjur imperiyasining zulmiga qarshi mustaqillik uchun kurash boshlanib, beshta xonlik yuzaga keladi. Qashqar xonligi mamlakatni birlashtirish maqsadida Qo’qon xonligidan Yorkent xonligining taxt vorislaridan birini Sharqiy Turkistonga yuborishini iltimos qilgan. Yoqubbek Buzrukxo’jaga qushbegi qilib tayinlanib Qashqarga yuborilgan (1865). U Buzrukxo’janing davlat ishlariga qobiliyatsizligidan foydalanib, hokimiyatni o’z qo’liga olgan. U boshda Buzrukxo’ja va boshqalar Xo’jalar nomidan ish yurgizib, ili sultonligidan tashqari (mazkur xonlikni 1871 yil ruslar bosib olgan) 4 xonlikni (Qashqar, Xo’tan, Kuchor, Urumchi xonliklarini) birlashtirib Ettishahar Uyg’ur davlatini tuzgan. Yoqubbek Yettishaharning ravnaq topishi va dunyoga tanitish uchun katta ishlarni qilgan. Yoqubbek davlatining asosiy tayanchi mahalliy yer egalari va ruhoniylar bo’lgan. Yoqubbek qat’iy tashqi siyosiy yo’nalishga ega bo’lmagani tufayli Buyuk Britaniya, goh Turkiya, goh Rossiyaning ko’magidan umidvor bo’lgan, bunda ularning O’rta Osiyodagi manfaatlari o’zaro ziddiyatli ekanligidan foydalanmoqchi bo’lgan. Turkiston general-gubernatori K. P. Kaufman bilan chegara chizig’ini belgilash haqida muzokaralar olib borgan. Yoqubbek xonligi davrida ko’plab masjid, madrasa, karvonsaroy qurilgan. Yoqubbekni eng yaqin kishilaridan biri, Xo’tan begi Niyoz Hakim zahar berib o’ldirgan. Yoqubbek o’limidan keyin taxt uchun kurash boshlangan. Xitoy ichki ziddiyatlardan foydalanib, 1878 yilda Yettishahar davlatini tutatgan. Sharqiy Turkistonda Xitoy hukmronligi qayta tiklangan. Ad.: Gedi n Sven, V Serdtse Azii, t. 1-2, Spb., 1899; 1913. Abduxoliq Aytboyev.