YOQUBOVA GULSARA
YOQUBOVA GULSARA (1937.15.4, Urganch) — O’zbekiston xalq artisti (1999). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1963). Bolalikdan Xorazm lapar, qo’shiq va raqslarini ijro etib, turli ko’rik tanlovlarda, shu jumladan 6-Jahon yoshlari festivalida qatnashgan (1957, Moskva). O’zbek davlat filarmoniyasi qoshidagi Xorazm ashula va raqs ansamblining yakkaxon xonandasi (1957-59), Muqimiy teatrida xor xonandasi va aktrisa (1959-68), «Lazgi» ansamblida yakkaxon xonanda (1968 yildan) va uning direktori (1994 yildan). Sahnada salomat («Toshbolta oshiq»), Jonsuluv («Jon qizlar»), Shakaroy («Ishqing bilan») kabi rollarni ijro etgan. Kontsert repertuaridan asosan Xorazm lapar va qo’shiqlari, shuningdek, o’zbek bastakorlari asarlari o’rin olgan: «Boboyjonim» (A. Otajonov), «Yoshlar valsi», «Militsioner yorim bor», «Dalalar so’lim-so’lim» (M. Mirzayev), «Xiva dilbari» (M. Yusupov), «Omonomona geddik» (R. Kurbonov) va boshqalar. Gulsara Yoqubova Arka momo rolida («Arka momoning niyat kitobi» musiqiy tomoshasi).