YOQUBOVA MARYAM

YOQUBOVA MARYAM (1909.19.10, Buxoro — 1987.2.2, Toshkent) — O’zbekiston xalq artisti (1955). Moskva kino maktabini tugatgan (1928). 1929-32 yillarda Hamza teatri qoshidagi ishchi sayyor teatrida, 1935-38 yillarda O’zbek davlat musiqali drama teatrida, 1939— 41 yillarda Muqimiy teatrida, 1941 — 66 yillarda Hamza teatrida aktrisa. Musiqaviy iqtidorga ega bo’lgan aktrisa dramatik rollarning mohir ijrochisi, hajviy va salbiy rollar ustasi sifatida tanilgan. Yaratgan obrazlari yorqin, ma’nodor va maishiy bo’yoqlarga boyligi bilan ajralib turadi. Eng yaxshi rollari: Ro’zvon («Gulsara»), Jahon xoda, Zebo («Arshin mol olon»), Maysara («Maysaraning ishi»), grafinya Diana («It pichan yemaydi, o’zgaga ham bermaydi»), qirolicha Izabella («Qo’zibuloq qishlog’i»), Ogudalova, Feklusha («Sepsiz qiz», «Momaqaldiroq»), Sultonbegim («Jaloliddin»), Xonzoda («Boy ila xizmatchi»), Gertruda («Hamlet»), Mastura satang («Xolisxon»), Voyniskaya («Vanya tog’a») va boshqalar. Yoqubova kinoda ham sermahsul ijod qilib, o’zbek milliy kinosi ravnaqiga o’z hissasini qo’shdi. Xonzoda («Boy ila xizmatchi»), sudya («Opa-singil Rahmonovalar»), Oyposhsha («Mahallada duvduv gap»), O’zbekoyim («O’tgan kunlar») kabilar shular jumlasidan. Telespektakllar va O’zbekiston radiosining bolalar uchun eshittirishlarida faol ishtirok etgan.