YOQUT XAMAVIY
YOQUT XAMAVIY (to’liq nasabi Yokut Abu Abdulloh Shahobiddin Yoqub ibn Abdulloh ar-Rumiy al-Hamaviy) (1179, Kichik Osiyo — 1229.20.8, Halab) — mashhur sayyoh, geograf, adib, tarixchi. Bolalik chog’ida asir olingan. Uni bag’dodlik savdogar Asqar al-hamaviy Suriyaning hama (hamot) shahrida sotib olgan va qullarga xos ismlardan yoqut ismini berib, Hamaviy nisbasi bilan atagan. Yoqut Xamaviy savod chiqargach, xo’jasining tijorat ishlarini tartibga solib turgan. Keyinroq savdo ishlari bilan xo’jasiga hamrohlik qilib ko’p mamlakatlarni kezgan. 20 yoshida qullikdan ozod qilingach, Bag’dod shahriga borib, ilm o’rganishni davom ettirgan. Xorijiylarga maslakdosh bo’lgan. 13 asr boshida Xurosonning Marv shahrida yashagan. 1213 yil safarga chiqib, 16 yil davomida Suriya, Falastin, Misr, Arabiston yarim oroli janubi, Iroq, Eron, hozirgi Afg’oniston, Movarounnahrda bo’lib, geografiya, tarix, Filologiya, etnografiyaga oid ma’lumotlar to’pladi. Manbalardan Yoqut Xamaviyning qariyb o’nta asarining nomi ma’lum. Shulardan 1224 yil yozib tugatgan 14 jildli toponimik asari «Mu’jam ulbuldon» («mamlakatlar lug’ati») da Farg’ona vodiysi shahar va qishloqlariga oid ma’lumotlar ham bor. 7 jildli «Mu’jam uludabo» («Adiblar lug’ati») biografik asarida 7—13 asr boshigacha yashagan va Arab tilida ijod qilgan qariyb 1100 adib va olimlar haqida ma’lumot jamlagan. Asarda, jumladan, O’rta Osiyoning Xorazm, Buxoro, Marv, Axsikat, Samarqand, Farg’ona, Forob kabi shahar va viloyatlaridan chiqqan olimlar (Abulvafo Muhammad Axsikatiy, Abu Rashod Ahmad Axsikatiy, Abu Nasr Forobiy, Mansur ash shoshiy, Abulhasan O’zgandiy va boshqalar) ning nomi zikr qilingan. «Mu’jam uludabo»da muallif buxorolik Ifriqiy ijodidan bahramand bo’lganligini ta’kidlagan. Bu ikki yirik asar qo’lyozmasi bizgacha yetib kelgan, ular Yevropa va yaqin Sharq mamlakatlari kutubxonalarida saqlanmoqda. Yoqut Xamaviy asarlari 13 asrgacha bo’lgan davr geografiyasi, adabiyoti, tili, tarixini o’rganishda muhim manba sanaladi. Ad.: Krachkovskiy I. Yu., Izb. Soch., 4 t., M.—L., 1957, S. 33042; Hikmatullaev H., Shoislomov Sh., Yoqut Hamaviy (Hayoti, ijodi va sayohati), T., 1965; SB. materiali iz istorii Sredney i Tsentralnoy Azii XXIX vv., T., 1988.