YO’RG’A TUVALOQ

YO’RG’A TUVALOQ (Chlamydotis undulata) — tuvaloqsimonlar oilasiga mansub qushlarning bir turi. Vazni 1,1 kilogrammdan 2,4 kilogrammgacha; qanoti 350-450 millimetr. Bo’ynida uzun patlardan iborat «yoqa» bo’lishi bilan boshqa tuvaloqlardan farq qiladi. Patlari sarg’ish qum rangida, boshqarish patlarida qoramtir qo’ng’ir ko’ndalang yo’llarining bo’lishi uni cho’l sharoitida yirtqichlardan pana qiladi. Yerda tez (soatiga 35-40 kilomrtrgacha) yuguradi. Shimoliy Afrika, Arabiston yarim oroli, Kichik, G’arbiy va O’rta Osiyo, Janubiy Qozog’iston, G’arbiy Mo’g’uliston va Sintszyanning cho’l va yarim cho’l mintaqalarida tarqalgan. O’zbekistonda Qizilqum va ochiq dashtlarda uchraydi. Arealining Janubiy qismida o’troq yashaydi; shimoliy qismidan Arabiston, G’arbiy Osiyo va Turkmanistonga qishlash uchun uchib keladi. Asosan, hasharotlar, qisman o’simliklar bilan oziqlanadi. Yer yuzasiga uya quradi: aprel — may oylarida 1-3 ta tuxum qo’yadi. Tuxumlarini faqat modasi bosadi. Shim. hududlardan qishlov joyiga avg.—sentabr oylarida uchib ketadi. Ov qushlari qatoriga kiradi. Soni keskin kamayib ketgani tufayli O’zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.