YOVVOYI NASHA

YOVVOYI NASHA (Cannabis ruderalis Janisch.) — tutdoshlarga mansub bir yillik begona o’t. Poyasi tik usadi, qobirg’ali, sershox, bo’yi 60-150 santimetr. Asosidagi barglari qaramaqarshi, yuqoridagilari ketma-ket joylashgan, barmoqsimon kesikli. Erkak gullari yuqori shodalarida, urg’ochi gullari yuqoridagi barg qo’ltiqlarida joylashadi. Mevasi yong’oqcha, iyun—sentabrda gullab mevalaydi. Urug’idan ko’payadi. Bir tupi 2000 tagacha urug’ beradi. Urug’lari mayda, 2-3° temperaturada unib chiqadi. Nihollari aprelda ko’karadi. Yevropa, Osiyo, shu jumladan, O’rta Osiyoda tarqalgan. Sug’oriladigan ekinlar orasida o’sadi. Shuningdek, yo’l yoqalari, dala uvatlari, bog’lar, tashlandiq yerlarda uchraydi. O’rilgandan keyin tez o’sadi. Ko’pgina zararkunandalarga makon. Kurash choralari: chuqur kuzgi shudgor; ekishgacha tuproqqa ishlov berish.