YOVVOYI OLMA

YOVVOYI OLMA — olma avlodiga mansub yovvoyi holda o’sadigan olma turlari. Bog’dorchilikda urug’idan payvandtag va yangi navlarni chiqarishda selektsion material sifatida foydalaniladi, mevasidan povidlo, jem kabi mahsulotlar tayyorlanadi. O’zbekistonda 10 turi uchraydi. Yovvoyi olmaning turlari, asosan, Toshkent viloyati (Bo’stonliq, Parkent, Ohangaron tumanlari) ning tog’li zonalarida tarqalgan. Asosiy turlari: o’rmon olmasi (M. silvestril Mill.) — uning juda ko’p tur xillari va shakllari bor. Yevropa o’rmonlarida tarqalgan. Daraxti kam bachki chiqaradigan uzun tanali. Qurg’oqchilikka va sovuqqa chidamli, eng yaxshi payvandtag hisoblanadi. Olxo’ri bargli olma — Kitayka (M. prunifolia Borkh.) — Sibir, Uzoq Sharq, Qozog’iston, Qirg’izistonda o’sadi. Sovuqqa chidamli. Balandligi 10 metr, ildizlari baquvvat, mevasi mayda, qizg’ishsariq yoki qizil. Past bo’yli olma (M. pumila Mill.) — Yevropa, Kavkaz, Qrim, O’rta Osiyoda tarqalgan. Past bo’yli daraxtining novdalari tukli va ildizi baquvvat, bir necha tur xillari bor. Issiqsevar, bu turga dusen va paradizka kiradi. Paradizka, rayka (M. paralisiaca Schn.) — pakana butasimon daraxt. Balandligi 2 metr, sovuqqa chidamsiz. Pakana payvandtag sifatida ekiladi. Sharq yoki Kavkaz olmasi (M. orientalis Uglitz.) — Kavkazda, Qrim va O’rta Osiyoning tog’li mintaqalarida o’sadi. Sovuqqa chidamsiz, qurg’okchilikka chidamli. Mahalliy Kavkaz navlari bog’dorchilikda o’stirib madaniylashtirilgan. Sivere olmasi (M. Siversii) — yovvoyi holda O’rta Osiyo tog’larida o’sadi. Sovuqqa chidamliligi o’rtacha, vegetativ ko’payish xususiyatiga ega. O’rta Osiyo bog’laridagi olmalarning asosiy payvandtagi. Turkman olmasi (M. turkmenorum Jus et.pop.) — Kopetdog’ tog’larida o’sadi. Bo’yi 3-5 metr, ildiz bachkilari ko’p bo’lgani uchun tez ko’payadi, tupi kichikroq. Mevasi o’rtacha yirik, och yashiljigarrang (ba’zan qizg’ish), issiqqa chidamli. Yer osti suvi yuza joylarda yaxshi o’sadi. Turkistonda «baboarab olmasi», Xorazmda «Xazorasp» yoki «Xorazm olmasi» nomi bilan mashhur. Qizil olma yoki Nedzevedskiy olmasi (M. Niedzwetskiana Duck.) — Tyanshanda va O’rta Osiyoda ekma holda uchraydi. Yovvoyi turlari, asosan, Toshkent viloyati tog’larida ko’p. Ayrim turlari manzarali o’simlik sifatida ekiladi. 19 asrning oxiriga qadar O’zbekistonda Yovvoyi olmaning tur xillari ekib kelingan. 19 asrning oxiri — 20 asrning 20 yillaridan chet ellarda chiqarilgan madaniy navlar tarqala boshladi. Sulton Xolnazarov.