YOZTEPA

YOZTEPA, Yozdepe — ilk temir davriga oid qishloq xarobasi (miloddab avvalgi 9— 4 asrlar). Turkmanistonning Murg’ob vohasida, Bayramali shahridan 34 kilometr shimoli g’arbda joylashgan. Maydoni 16 gektarga yaqin. 1954-56 yillarda professor V. M. Masson o’rgangan. Tepalik ustiga yirik xom g’ishtdan qurilgan Hisor atrofi devor bilan o’rab olingan. Hisorning Janub qismidan jamoat binosi — saroy yoxud ibodatxona qoldiqlari qazib o’rganilgan. Bu yerda usti yopiq bir nechta tor xona hamda katta, tarxi to’rtburchak zal tadqiq qilindi. Binoning shim. tomonida hovli joylashgan. Hisor atrofida 3 uy va kichik tor kucha qoldig’i chiqqan. Xonalarning bir qismi xo’jalik xizmatini o’tagan (omborxona, oshxona). Aholining asosiy mashg’uloti sug’orma dehqonchilik bo’lgan. Yirik kanallardan iborat irrigatsiya shoxobchasi izlari aniqlangan. Bu kanallarning har ikki tomoniga dalalarni bevosita sug’oradigan ariqlar chiqarilgan. Xumdon, temir boltalar, pichoq, yorg’uchoq, igna, bigiz, jez paykonlar topilgan. Yoztepa II davri (miloddan avvalgi 7 asrdan) dan boshlab barcha sopol buyumlari (oshxona idishlaridan boshqa) kulolchilik charxida tayyorlanib, sirti tiniq angob bilan qoplangan. Qozonlar qo’lda, qo’pol qoliplarda tayyorlangan. Yoztepaliklar xom g’isht (55x25x11 santimetr) dan ishlangan ko’p xonali uylarda yashashgan. Xilma-xil shakldagi naqshli spool idishlarning topilishi Yoztepada kulolchilik keng taraqqiy etganidan dalolat beradi. Sopol idishlar, asosan, kulolchilik charxida va qo’lda ishlangan. Idishlarning sirtiga to’r, tasmasimon, to’rtburchak, uchburchak shaklida rangli naqsh berilgan. Bundan tashqari jez va temirdan qilingan ov va mehnat qurollari, turli taqinchoqlar uchraydi. Yoztepada o’tkazilgan arxeologik qazishmalar Murg’ob vohasida dehqonchilik bilan shug’ullangan eng qadimgi o’troq qabilalarning hayoti haqida boy ma’lumotlar berdi. Ad.: Tolstov S. P., Po sledam drevnexorezmiyskoy tsivilizasii, M.—L., 1948; Masson V. M., Drevnezemledelcheskaya kultura Margiani, M,—L., 1959.