YUNON-FORS URUSHLARI

YUNON-FORS URUSHLARI (miloddan avvalgi 500-449 yillar, tanaffuslar bilan) — yunon shahar davlatlarining Axomaniylar davlati bosqinchilik siyosatiga qarshi olib borgan urushi. Forslar Kichik Osiyoning Markaziy tumanlarini bosib olgach, O’rta dengizning Sharqiy sohillarini va unga yaqin orollarni bo’ysundirishga harakat qila boshlaganlar (miloddan avvalgi 6-asr). Forslar miloddan avvalgi 492 yil Bolqondagi yunonlarga qarshi sarkarda Mardoniy boshchiligida 1yurish uyushtirganlar, lekin Afon burniga yaqin joyda ko’tarilgan kuchli dengiz bo’ronidan halokatga uchrab, Frakiyani bosib olish bilan chegaralanib, orqaga qaytganlar. Forslarning 2yurishi Datis va Artafern boshchiligida miloddan avvalgi 490 yil boshlangan. Hal qiluvchi jang Attikadagi marafon yaqinida bo’lib, afinaliklar Miltiad boshchiligida forslar ustidan g’alaba qozonganlar. Bu xushxabarni marafondan Afinaga (orasi 42 kilometr 195 metr) uetkazgan jarchiga bag’ishlab 1896 yildan beri marafon yugurishlari o’tkazilib kelinadi. Forslarning 3-yurishi podshoh Kserks boshchiligida miloddan avvalgi 480 yilda bo’lgan. Miloddan avvalgi 480 yil iyunda fors qo’shinlari Sparta podshosi Leonid boshchiligidagi yunonlar himoya qilib turgan Fermopil tog’yo’li orqali bostirib kirganlar. Forslar Attikani va Afinani egallagan. Biroq Salamin oroli yonida miloddan avvalgi 480 yil 28 sentyabrda fors floti, miloddan avvalgi 479 yil Plateya shahrida Mardoniy boshliq quruqlikdagi armiya mag’lubiyatga uchragan. Shundan so’ng yunonlar Egey dengizi va kichik Osiyoda forslarga qarshi urush olib borgan. Kiprdagi Salamin shahri yaqinida miloddan avvalgi 449 yilda yunonlar dengizda yirik g’alabaga erishgan. Kalliy bitimiga asosan, forslar Egey dengiziga hukmronlik qilishdan voz kechib, Gellespont, Bosfor hamda kichik Osiyodagi shahardavlatlarning mustaqilligini tan olganlar.