YUNON YOZUVI

YUNON YOZUVI, grek yozuvi finikiy yozuvidan kelib chiqqan alifboli (harf— tovushli) yozuv; taxminan miloddan avvalgi 9-8-asrlarda paydo bo’lgan. Eng qadimiy yodgorliklari miloddan avvalgi 8-7-asrlarga mansub. Turi va harflar to’plami jihatidan qadimiy frigiy alifboli yozuviga (miloddan avvalgi 8-7-asrlar) yaqinroq turadi. Yunon yozuvida, finikiy konsonant (undoshli) alifbosidan farqli ravishda, undoshlarni ifodalovchi harflardan tashqari unlilarni ifodalovchi harflar ham paydo bo’ladi. Bu yozuv taraqqiyotidagi yangi bosqich sifatida katta umummadaniy ahamiyatga ega bo’ldi. Alifboli yozuv paydo bo’lgungacha greklar chiziqli bo’g’in yozuvidan foydalanganlar. Alifboli Yunon yozuvi 2 tarmoqqa bo’lingan: g’arbiy va Sharqiy. G’arbiy Yunon yozuvi, o’z navbatida, ayrim belgilarning yozilishidagi xususiyatlari bilan ajralib turuvchi bir qancha mahalliy ko’rinishlarga ega bo’ladi. Sharqiy Yunon yozuvi klassik Yunon yozuvi va Vizantiy yozuvi tarzida rivojlandi, qibtiy (kopt), got, slavyan-kirill, shuningdek, arman, qisman gruzin yozuvlariga asos bo’ldi. G’arbiy Yunon yozuvi asosida esa etrusk, lotin va qadimiy german runik yozuvlari paydo bo’ldi. Klassik umumyunon alifbosi (miloddan avvalgi 4-asrdan) 27 harfdan iborat bo’lib, shu asosdagi matnlar chapdan o’ngga qarab yozilgan. «Stigma», «Koppa», «SAMPI» belgilari faqat sonlarni ifodalash uchun qo’llangan, keyinchalik alifbo qatoridan chiqarilgan. Yangi yunon (grek) alifbosi 24 harfdan iborat. Yunon yozuvining bir necha turlari, ko’rinishlari bo’lgan: tosh, metall, sopol kabi qattiq jismlarga bitilgan m o numental yozuv (qat’iy kvadrat shaklli, qirrador yozuv; miloddan avvalgi 8-asrdan), untsial yozuv (dumaloqroq shaklli, nlmoqsimon yozuv; miloddan avvalgi 4 asrdan papirusda, milodiy 2-asrdan pergamentda), kursiv yozuv (tez yoziladigan, qo’lyozma shaklidagi yozuv, milodiy 3-asrdan). 13-asrdan kichik minuskul (kichik harflardan iborat yozuv) barqarorlashib, dastlabki yunon bosma shrifti (15-asr) uchun asos, Andoza bo’ladi. Hozirgi yunon bosmacha harflari 17-asrda yaratilgan. Ad.: Fridrix I., Istoriya Pisma, Per. s nem., M., 1979.