«YUNUSOBOD» TENNIS KORTI
«YUNUSOBOD» TENNIS KORTI — Toshkent shahridagi sport majmui (1996); Amir Temur shohko’chasida joylashgan «Yunusobod» tennis korti o’zining mahobatli ko’rinishi, zamonaviy talablar asosida loyihalanishi va funktsional mukammalligi bilan ahamiyatlidir. Ochiq kort maydonlari shohko’cha bo’ylab eng baland inshoot — Toshkent televizion minorasi tagida joylashgan bo’lib, u bilan yaxlit me’moriy ansamblni tashkil qiladi. Ochiq kortlar orqasida, uning g’arbiy qismida 3000 o’rinli usti yopiq universal kort binosi qurilgan. Bino tarhi burchaklari aylanma chiziklar bilan chegaralangan to’g’ri to’rtburchak shaklida, tomoshabinlar o’rindiqlari o’yin maydonini har tomondan qamrab olgan. Maxsus mehmonlar va sharhlovchilar joyi g’arbiy sektorda, uning tepasida 200 o’rinli qahvaxona va kichik bufetlar, qo’shimcha (trenajer, sauna, dam olish xonalari, vrachlar xonasi, garderob, sportchilar xonasi, ma’muriyat va texnik) xonalar tribuna tagidagi hududga qulay qilib joylashtirilgan. Bino tomining konstruktsiyalari — yorug’lik o’tkazadigan leksanli ulkan temirbeton ravoqlar bilan ishlangan. Bunday tom va Kortni o’rab olgan 2qavat galereyasining derazalari bino qiyofasiga mos ko’rkam me’moriy ko’rinish baxsh etgan. «Yunusobod» tennis kortida xalqaro sport musobaqalari o’tkaziladi.