YUNUSXON

YUNUSXON (1415/17 1487) Toshkent hokimi (1485-87). Vaysxonning o’g’li. Boburning onasi qutlug’ Nigorxonimning otasi. «Boburnoma»da aytilishicha, «Yunusxon Chingizxonning ikkinchi o’g’li Chig’atoyxonning naslidindur». Vaysxon vafotidan (1428) keyin to 1434 yilgacha ulusda notinchlik hukm surgan. O’zaro taxt talashishlardan so’ng 1434 yiltaxtga Vaysxonning kichik o’g’li eson Bug’axon o’tiradi. Katta o’g’li Yunusxonni esa tarafdorlari — amirlar Irzon bayran va Turkman Miraklar 30 ming kishi bilan Movarounnahrga, Ulug’bek huzuriga olib borishadi. Ulug’bek Yunusxonni 1434 yil Xurosonga Shohrux huzuriga jo’natgan. Yunusxon Xurosonda mashhur tarixchi Sharafuddin Ali Yazdiylan ta’lim olgan, ko’p ilmlarni egallagan. Yazdiy vafotidan so’ng Iroq va Eronda kasb-hunar egallagan. Sherozda yashab ulamolar majlislarida qatnashadi. Bu yerda u «usta Yunus» nomi bilan mashhur bo’ladi. Abu Said Mirzo Yunusxonni Sherozdan chaqirtirib, Jetikent, Farg’ona va Yettisuv hududini boshqarishni topshirgan (1456). Eson Bug’axon o’lgach (1462), Abu Said yordamida Mo’g’uliston taxtiga o’tirgan. O’zaro nizolar girdobiga tushib qolgan Yunusxon Temuriylar saltanatidagi o’zaro ichki nizolardan foydalanib Sayramni (1482) bosib olgan. Toshkentni o’z tasarrufiga kiritish uchun Abu Saidning o’g’illari — Umarshayx (Boburning otasi) va Sulton Axmad Mirzo bilan jangga tayyorgarlik ko’ra boshlagan. Lekin raqiblarni Xoja Ahror yarashtirib, muzokara natijasida Toshkent shahri va viloyati yu.ga berilgan (1485). Tarixiy manbalarda uni madrasa, masjidlardan tashqari Tuproqqal’a qurdirgani haqida ma’lumotlar saqlangan. Yunusxon Toshkentdagi Shayx Xovandi Tohur qabristoniga dafn etilgan. Yunusxondan keyin xonlik taxtiga uning o’g’li Sulton Mahmudxon o’tirgan. Omonbek Jalilov.