YURAK-TOMIR SISTEMASI KASALLIKLARI
YURAK-TOMIR SISTEMASI KASALLIKLARI — yurak, arteriyalar va venalar kasalliklari. Ular juda ko’p va xilma-xil. Bu kasalliklarning ba’zilari (revmatizm, miokardit va boshqalar) yurakni, ayrimlari arteriya (ateroskleroz) yoki venalarni (masalan, tromboflebit), boshqalari butun yuraktomir sistemasini shikastlaydi (gipertoniya kasalligi). Yurakning ishemik kasalligi yurak muskullarining qon bilan yetarli ta’minlanmasligidan vujudga keladi. Asosan, yurak toj arteriyalarining aterosklerotik o’zgarishlarga uchrashi, spazmp, shuningdek, ular bo’shlig’ida qonning (ivib) laxta bo’lib cho’kishi (tromboz) va boshqalar oqibatida kelib chiqadi. Arterial gipertoniya Yurak-tomir sistemasi kasalliklari orasida eng keng tarqalgani bo’lib, katta yoshli odamlar orasida ko’p uchraydi. U miokard infarkti, insult, yurak yetishmovchiligi kabi ko’pincha o’lim yoki nogironlikka sabab bo’ladigan asosiy patogenetik omil hisoblanadi. Arterial gipotoniya (gipotoniya kasalligi) — nisbatan kam uchraydi. U arterial gipotoniya sindromi tarzida ko’pgina yuraktomir tizimi kasalliklarida (miokard infarkti, kardiomiopatiya, miokardit), nevrozlar, gipotireoz, insultdan keyin kuzatiladi. Klinik amaliyotda yurak muskullarining yallig’lanishi — miokardit va yallig’lanmay zararlanishi — miokardiodistrofiya ko’proq kuzatiladi. Endokardit (yurak ichki qavatining yallig’lanishi) revmatizm va boshqalar orttirilgan yurak poroklarita sabab bo’ladi. Lerikardit kam uchraydi. Yurakning ishemik kasalligi, miokardit va miokardiodistrofiya, shuningdek, nevrotik holatlar natijasida yurak aritmiyalari vayurak blokadasi sodir bo’lishi mumkin. Yurak aritmiyalari yurak qisqarishlari (urishi)ning tezlashishi (taxikardiya) yoki sekinlashuvi (bradikardiya), yurakning navbatdan tashqari qo’shimcha qisqarishi (ekstrasistoliya); yurak urishining to’satdan tezlashuvi (parok sizmal taxikardiya); yurakning har xil vaqt oralig’ida noto’g’ri qisqarishi (tebranuvchi aritmiya) va boshqalarda namoyon bo’ladi. Yurak blokadasi yurakning o’tkazuvchi sistemasida nerv impulslari o’tishining buzilishi (masalan, bo’lmachalardan qorinchalarga yoki Gis tutami oyoqchalariga impuls o’tishining uzilishi) dan iborat. Nevrozlar tufayli yurak nerv apparati faoliyati buzilganda aritmiyalar bilan birga, yurakda sirqillaydigan, sanchadigan, jazillaydigan og’riq sezgilari ham paydo bo’ladi. Ateroskleroz va gipertoniya kasalligi arteriya tomirlarining keng tarqalgan xastaliklaridan bo’lib, aksariyat ular birga kechadi. Ateroskleroz toj tomirlaridan tashqari, aorta va uning yirik shoxlari, jumladan, buyrak arteriyasi, miya tomirlari, qo’l-oyoqning periferik tomirlarini ham zararlaydi. Arterial tomirlarning yallig’lanishi — arteriitlar ko’proq infektsion (masalan, zaxm, sepsis) va allergik hamda kollagen kasalliklar tufayli yuzaga keladi. Klinik shakli obliterasiyalovchi endarteriit, aorta panarteriiti va hokazolar. Venalarning varikoz kengayishi va tromboflebit vena tomirlarining ko’p uchraydigan kasalliklaridan. Yurak etishmovchiligi yurakning o’ziga Yuklangan to’la hajmdagi funktsional yuklamani bajara olmasligini ko’rsatuvchi patologik belgilar (terining ko’karishi, nafas qisishi, oyoq shishib qolishi va boshqalar) bilan namoyon bo’ladi; biror ish qilayotganda nafas qisib qolishi patologik alomat hisoblanadi. O’tkir yurak yetishmovchiligi — juda xavfli, lekin kamdankam uchraydi. U kutilmaganda yoki to’satdan nafas qisib, bo’g’ilish xuruji bilan kechadi. Ko’pchilik Yurak-tomir sistemasi kasalliklari oqibatida yurak muskulining qisqarish funktsiyasi hamda tomirlar devori muskul qavatining qisqarish quvvati susayadi. Natijada organizmda qon aylanishi buziladi. Bu omillarning qay biri ustun bo’lishiga qarab yurak yoxud tomir yetishmovchiligi vujudga keladi. Yurak-tomir sistemasi kasalliklari (gipertoniya kasalligi, revmatizm, yurakning ishemik kasalligi) ni muntazam va o’z vaqtida davolash yurak kasalliklarini oldini olishning eng yaxshi vositalaridan hisoblanib, uni kardiologiya fani o’rganadi. Yurak-tomir sistemasi kasalliklarini aniqlash, davolash, oldini olish va boshqalar kardiorevmatologik markazlarda hamda dispanserlarda amalga oshiriladi. Kasallikni davolash reabilitasiya, ya’ni salomatlikni qayta tiklashdan iborat. Hozirgi yurak-tomir xirurgiyasi sohasidagi ulkan yutuqlar tufayli yurak hamda yirik tomirlar tuzilishidagi gug’ma va turmushda orttirilgan turli nuqsonlar operatsiya yo’li bilan davolanadi. Ad.: Sharopov O’. B., G’afforova F.K., Shodmonov U.I., Ichki kasalliklar, T., 2003. Mahmud Pirnazarov.